Endi sudga qadar ish yuritishda o‘rganib chiqishi uchun prokurorga “himoya xulosasi” ham jo‘natiladi

  • 08:45 / 13.04.2020
  • 293

Endi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan jinoyatga oid ayblov xulosasini prokurorga yuborish jarayoniga biroz o‘zgartirish kiritiladi. Ya’ni, prokurorga tergovchining ayblov xulosasi bilan birgalikda ayblanuvchi yoki uning himoyachisi tomonidan “himoya xulosasi”ni taqdim etish tartibi ham amalda qo‘llanishi mumkin.

Bu haqda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida surishtiruv va dastlabki tergov organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Hujjat loyihasi bilan qonun ustuvorligi, surishtiruv va tergov faoliyati samaradorligini oshirish, javobgarlik muqarrarligi prinsipining to‘liq ro‘yobga chiqishini ta’minlash, shuningdek jinoyat-prosyessual qonunchiligini yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilar mamlakatda surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

ishni sudga qadar yuritish bosqichini takomillashtirish bo‘yicha institusional o‘zgarishlar, jinoyat ishlarini yuritishda dastlabki tergov va sud muhokamasini o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish;

surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini kuchaytirish;

samarali idoralararo hamkorlikni ta’minlash;

surishtiruvchi va tergovchilarni tayorlash, ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shu jumladan surishtiruv va tergovchilarni tayyorlashda “ustoz-shogird” an’analaridan keng foydalanish;

surishtiruv va dastlabki tergov organlarining moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish, tergov qilish funksiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ilg‘or texnologiyalar va asbob-uskunalar bilan ta’minlash;

surishtiruvchilar va tergovchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish tizimini joriy etish;

sud ekspertizasini o‘tkazuvchi organ va tashkilotlarning faoliyatini, shu jumladan ushbu sohada kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

jinoyatlarning fosh etilishi, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarni aholiga ta’sirchan tarzda yetkazib borish mexanizmini yaratish.

Shuningdek, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Milliy gvardiyaning ishni sudga qadar yuritish jarayonini tubdan isloh qilish va ekspertiza faoliyatining mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:

tergovga qadar tekshiruv institutini takomillashtirib, surishtiruv institutiga o‘zgartirish, amaldagi surishtiruv institutini tugatib, uning vakolatini soddalashtirilgan tergov o‘tkazish tartibini saqlab qolgan holda tergov organlariga o‘tkazish;

jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan birga prokurorga yuborilayotganda ayblanuvchi yoki uning himoyachisi tomonidan prokurorga “himoya xulosasi” taqdim etish tartibini joriy etish;

Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sud ekspertizasi markazi va uning hududiy filiallarini tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlarini (kriminalistika vakolatlari bundan mustasno) ushbu markazga berish.