Endilikda havodan toza ichimlik suvi olish mumkin

  • 12:49 / 08.06.2021
  • 564

“O‘zgidromet” tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Chimboy tumani meteostansiyasida atmosfera havosidan ichimlik suvini ishlab chiqarishga imkon beruvchi “atmosfera suv generatori” qurilmasi sinov tarzida ishga tushirildi. 

Mazkur qurilma ichimlik suvi yetib bormagan va yetkazib berish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadigan hududlarga moslashtirilgan. 

Ma’lum qilinishicha, ushbu innovatsion texnologiya sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan va kelgusida o‘zini oqlasa uni respublikadagi boshqa meteostansiyalarga ham o‘rnatish rejalashtirilgan.

Xabar berilishicha, ushbu moslama 7 ta tozalash filtridan iborat bo‘lib, distillangan suvdan ham tozaroq suv olish imkonini beradi. Qurilma yordamida atmosfera havosi namligiga qarab kuniga taxminan 12 litrdan 30 litrgacha ichimlik suvini olish mumkin.