“Erkatoy” yoxud qonunga bepisandlik bilan qarovchi haydovchilarga choralar ko‘rilmoqda – Toshkent viloyati IIBB YHXB

  • 16:40 / 10.02.2020
  • 385

Bo‘stonliq tumanida “Erkatoy” yoxud qonunga bepisandlik bilan qarovchi haydovchilarga choralar ko‘rilmoqda, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB YHXB Matbuot xizmati.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga dam olish maqsadida tashrif buyuruvchilarning yo‘llarda havfsizliklarini ta’minlash va ushbu hududda yo‘l-transport hodisalarini oldini olishdir. Buning uchun Toshkent viloyati IIBB YHXB tomonidan qo‘shimcha YPX inspektorlari jalb qilinib, mast holda hamda tegishli hujjatlarsiz transport boshqargan haydovchilarga chora ko‘rilmoqda.

Misol uchun, tadbirga jalb qilingan YPX inspektori S. Norboyev xizmat olib borayotgan vaqtida katta tezlikda harakatlanib kelayotgan “BMW” rusumli transport vositasini to‘htatganda, transport vositasi haydovchisi YPX inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysunmay harakatni davom ettirgan.

Ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida ushbu avtoulov to‘xtatilib tekshirilganda haydovchining tegishli hujjatlari yo‘qligi aniqlangan.
Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmilashtirilib, avtoulov vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan.

Bundan tashqari shu kunning o‘zida ushbu inspektor tomonidan Bo‘stonliq tumanidan Toshkent shahri tomonga harakatlanib kelayotgan “Spark” rusumli avtoulov to‘xtatilganda, ushbu avtoulov ham YPX inspektorining qonuniy talablariga bo‘ysunmay harakatlanishni davom ettirgan. Avtoulovni ushlash choralari ko‘rilib, avtoulov to‘xtatilganda haydovchi mast holda ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Haydovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortganligi sababli unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 136-moddasiga binoan ma’muriy bayonnoma rasmilashtirilib, avtoulov vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi.

“Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyuruvchi haydovchilarimizga shuni eslatib o‘tamizki. Bo‘stonliq tumaning yo‘llari Toshkent viloyati IIBB YHXB ning doimiy nazoratida”, deyiladi Toshkent viloyati IIBB YHXBning xabarida.