Eskimoslar qanday hayot kechirishadi?

  • 13:28 / 04.07.2021
  • 627

Eskimoslar Yer sharining shimoliy qismida yashovchi tub aholi vakillaridir. Ular Grenlandiya, Kanadaning bir qismi, Alyaska, Chukotka yarim oroli hududida yashaydilar. Olimlar ularni arktik mongoloidlar guruhiga mansub deb bilishadi.

Yer yuzida yashovchi eskimoslarning umumiy soni taxminan 170 000 kishini tashkil qiladi.

Eskimoslar kichik qishloqlarda hayot kechirishadi. Bitta oila tarkibida er-xotin va farzandlardan tashqari yaqin qarindoshlar, ota-onalar ham boʻlishi mumkin. Eskimoslar orasida ajrashish holatlari kamdan-kam uchraydi. Boisi ular oilaning tinchlik va farovonligi jamiyat mustahkamligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi bilishadi.

Bitta qishloq odamlari bir-birlari bilan ahil-inoqlikda yashashadi. Ular bir-birlarining buyumlaridan foydalanishadi, birgalikda ov qilishadi. Agar eskimoslardan birining ovi baroridan kelmay qolsa, qishloqning eng badavlat oilasi uni yaqinlari bilan birgalikda mehmonga taklif qiladi.

Eskimoslarning qizlari turmushga chiqish oldidan nafaqat ota-onalari, balki aka-ukalarining ham roziligini olishlari kerak. Eskimoslarda toʻy marosimi degan tushuncha yoʻq, kelin yangi uyiga faqatgina liboslari, tikuv ashyolari va pichoq bilan keladi. Eskimos ayollari erlarining har bir gaplariga itoat qilishlari shart. Eskimoslar hech qachon bolalarni jazolashmaydi.

Erkak eskimoslarning asosiy qismi ov qilish bilan shugʻullanadi. Ular oʻgʻil farzandlarini bolalikdanoq ov qilishga oʻrgatishadi.

Eskimoslar iglu deb ataluvchi noodatiy “uy”larda hayot kechiradilar. Iglu bir nechta “xona”dan iborat boʻladi va ichida hech qanday jihozlar koʻzga tashlanmaydi.

Eskimoslar asosan tyulen, morj, nerpa, bugʻu hamda oq ayiq goʻshti bilan oziqlanadilar.

Eskimoslar oʻta sovuq hududda yashaganlari tufayli choʻmilish imkoniyatiga ega emaslar. Ular odatda oʻz tanalariga tyulen yoki ayiq yogʻi, yuzlariga esa baliq moyini surtishadi. Bu ularga sovuqda muzlab qolmaslikka ham yordam beradi. Yevropa va Amerikada yashovchi qabilalar esa yilda bir marta yoz faslida choʻmilar ekanlar.