Farg‘onada “arenda”ga olgan mashinasini sotib yuborgan fuqaro ushlandi 

  • 12:50 / 11.06.2021
  • 71

Marg‘ilon shahrida ijaradagi avtomashinani sotib yuborgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, – deya xabar berdi viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning yozida M.Q. tanishi A.O.ning narxi 11 million so‘m bo‘lgan “VAZ-2107” rusumli avtomobilini vaqtincha foydalanib, keyinchalik qaytarib berish sharti bilan ijaraga olgan. So‘ngra, mashinani boshqa shaxsga sotib, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (firibgarik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.