Farg‘onada IIO xodimlari “elektroshoker”lardan foydalanadi

  • 11:04 / 24.09.2021
  • 126

Bugundan boshlab Farg‘ona viloyati ichki ishlar organlarining patrul-post, yo‘l harakati xavfsizligi va boshqa tegishli xizmatlarning saf bo‘linmalari xodimlari xizmat jarayonida elektroshok qurilmalaridan foydalanishni boshlaydi. Bu haqda IIV Matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ayrim hollarda huquqbuzarlar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari hamda jabrlangan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘ilgan taqdirda ularning harakatlariga zudlik bilan chek qo‘yish uchun maxsus vosita hisoblangan elektroshok qurilmasidan foydalanish zarurati tug‘ilmoqda.

“IIVning me’yoriy hujjatlarida maxsus vositalar, xususan elektroshok qurilmasini qo‘llash bo‘yicha aniq mezonlar ko‘rsatib o‘tilgan, – deydi viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Fayzullo Ortiqboyev. – 24-sentyabridan boshlab ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish oqibatida ichki ishlar organlari xodimlari yoki fuqarolarimizni hayoti va sog‘lig‘iga real xavf tug‘ilgan taqdirda xodimlar tomonidan maxsus vosita hisoblangan elektroshok qurilmasidan foydalaniladi”.

Qayd etilishicha, elektroshok qurilmasidan foydalanishdan maqsad ichki ishlar organlari xodimlari hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga shikast yetkazilishini oldini olish, huquqbuzarlarning sog‘lig‘iga og‘ir va o‘ta og‘ir tan jarohati yetkazmagan holda zudlik bilan huquqbuzarlik yoki jinoiy harakatlarni cheklashdan iborat.

“Albatta, ichki ishlar organlari xodimi xizmat faoliyati davomida elektroshok qurilmasini qo‘llashdan avval maxsus tayyorgarlikdan, davriy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimga tegishli sertifikat beriladi”, – deydi F. Ortiqboyev.