Farg‘onadagi Prezident maktabiga kirish imtihonlarida adolatsizlik bo‘lgani aytilmoqda

  • 14:12 / 23.08.2021
  • 443

Farg‘onadagi Prezident maktabiga kirish imtihonlarida adolatsizlik bo‘lgani aytilmoqda.
Mahalliy blogerlardan biri Isroil Tillaboyev kecha, 22-avgust kuni Farg‘onadagi prezident maktabiga bo‘lib o‘tgan imtihon jarayonini adolatsiz o‘tganini aytib, bunga yo‘l qo‘yib qo‘ygan Prezident va ijod maktablari agentligini yopishni va bugungi imtihon natijasini bekor qilishni talab qilmoqda.

I.Tilliaboyevning bildirishicha, Prezident maktablariga topshiruvchi bolalarga uch xil kategoriyada savollar:
– 5-6-sinflarga “A” darajali testlar; 
–  7-8-sinflarga “B” darajali testlar; 
–  9-10-sinflarga “C” darajali testlar beriladi.
Ushbu daraja testlar o‘quvchilar yoshini, bilimlarini inobatga olib tuzilgan bo‘ladi. 

Blogerning ta’kidicha, Prezident maktablariga imtihon joriy yil 21-avgust ertalab 5-6-sinflarga, kechqurun 9-10-sinfga qabul imtihonlariga bir xil, B toifadagi testlar ingliz tilidan tushgan. 

Shuningdek, ertasiga, ya’ni 22-avgust kuni 7-8-sinflarga topshiruvchi o‘quvchilarga qoidaga ko‘ra avval ingliz tilidan test berish o‘rniga dastlab mantiqiy, tanqidiy masalalarni berishgan va undan keyin 20 daqiqalik tanaffusni 45 daqiqaga cho‘zib, ularga stadionga kirib kelgan Kobalt mashinasidan ingliz tilidan yana “B” toifa test beriladi. 

Ingliz tilidan tarqatilgan test savolnomalari esa qalamda belgilangan yoki yaxshi o‘chirilmagan javoblari bilan bo‘lgan. 

Natijada esa ayrim o‘quv markazlarining o‘quvchilari bir kun oldin tushgan test savollarini yodlab olishga ulgurgan. Va qiyinchiliksiz eski test savollarini ishlab chiqib ketaverishgan.

O‘z navbatida Prezident ta'lim muassasalari agentligi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, Agentlik mas’ullari, Qabul komissiyasi raisi va Cambridge Assessment tashkilotining Test ishlab chiqish va qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Gwen Caudwell yaqin orada onlayn bayonot berishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Prezident maktablariga kirish imtihonlaridagi savolnomalar britaniyalik mutaxassislar tomonidan tayyorlanadi.