Fazliddin G‘oibnazarovning navbatdagi raqibi va jang sanasi ma'lum qilindi

  • 05:46 / 10.06.2021
  • 79

Havaskor boksda Rio Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarovning professional boksdagi navbatdagi jangi AQShda o‘tkazadi.

Birinchi yarimo‘rta vazn (63,5 kg) toifasida janglar o‘tkazgan Fazliddin (9-1, 5 KO) 26-iyun kuni AQShning Nevada shtati, Las-Vegas shahrida yarimo‘rta vazn (66,7 kg) toifasida bugungacha mag‘lubiyatga uchramagan amerikalik Kuinton Rendell (8-0, 2 KO)ga qarshi ringga ko‘tariladi.

Qayd etilishicha, ayni paytda G‘oibnazarov Toshkentda o‘z murabbiyi Abror Tursunpo‘latov qo‘l ostida so‘nggi mashg‘ulotini o‘tkazyapti. 

Ma’lumot uchun, Fazliddin G‘oibnazarov shu kungacha prof boksda 10ta jang o‘tkazib, ularning 9 tasida g‘alaba qozongan. G‘alabalarning 5tasiga nokaut orqali erishilgan. 1 marotaba esa mag‘lubiyat qayd etilgan. 

O‘zbek charm-qo‘lqop ustasi oxirgi qarama-qarshiligini 5-dekabr kuni armanistonlik Manuk Dilanyanga qarshi o‘tkazib, raqibini 8 raundlik jangda ochkolar evaziga mag‘lubiyatga uchratgan edi. 

26-iyunda Fazliddinga raqiblik qiladigan Rendell esa professional boksda 8ta jangda ishtirok etib, barchasida g‘alaba qozongan. Uning hisobida 2ta nokautli g‘alaba mavjud.