Folga qogʻozidan unumli foydalanishga yordam beruvchi 7 layfxak

  • 15:05 / 21.09.2021
  • 126

Folga qogʻozi pazandalikni xush koʻruvchi aksariyat uy bekalari qoʻl ostidan topiladi. Ushbu qogʻozdan nafaqat oshxonadagi pishir-kuydir jarayonida, balki boshqa roʻzgʻor yumushlarini bajarish vaqtida ham foydalanish mumkin.

Pichoqlarni oʻtkirlaymiz

Oʻtmaslashib qolgan pichoqlarni charxlash uchun folga qogʻozidan bir boʻlak kesib oling va uni toʻrt qavat qilib buklang. Pichoq bilan ana shu boʻlakni 8-10 marta kesing. Qarabsizki, pichoq avvalgidek oʻtkir holatga keladi.

Kichik ayyorlik

Suyuqlikni ingichka idish ichiga quymoqchi boʻlsangiz, folga qogʻozidan konus shaklini yasang. Konusni idish ogʻziga joylashtiring va suyuqlikni uning ichiga hech bir muammosiz quyib oling.

Mahsulotlarni yangidek holatga saqlash

Bananni imkon qadar uzoqroq saqlashni istasangiz, uning band qismini folga qogʻozi bilan oʻrab qoʻying. Bu bananni 2 haftagacha yangidek saqlashga imkon beradi. Salat bargini folga qogʻoziga oʻrab qoʻysangiz, u ham yangidek boʻlib turadi.

Kir mashinasi va folga

Gʻijimlangan folga qogʻozidan bir nechta sharcha yasab, ularni kir yuvish mashinasining barabani ichiga solib qoʻying. Shunda yuvilgan kiyimlar quriganidan keyin oʻziga chang va soch tolalarini yopishtirib olmaydi.

Dazmollashga koʻp vaqt sarf etmang

Dazmol qilish stoli ustiga folga qozogʻini qoplab oling, uning ustidan esa libosni qoʻyib dazmol qiling. Bunda libos birdaniga ikkita tomondan tekislanadi.

Pirog kuyib ketmasligi uchun

Sochiluvchan xamirdan tayyorlanayotgan pirog kuyib ketmasligi uchun pishiriq qolipini folga qogʻozi bilan oʻrab chiqing. U qolipning yon tomonlarini ham oʻrab turishi kerak. Agar pirogning ustki qismi qizarib ketsa, ammo ichi hali xom boʻlsa, ustki qismini ham folga qogʻozi bilan oʻrab qoʻying.

Kumush buyumlarni tozalaymiz

Kumush buyumlar oʻz jilosini yoʻqotsa, ularni folga qogʻozi yordamida avvalgidek holatga keltirish mumkin. Buning uchun folga qogʻozidan kichik idishcha yasang (chetlarini yuqoriga koʻtarib qoʻysangiz yetarli). Uning toʻrtdan bir qismini iliq suv bilan toʻldiring, suv ichiga yarim stakan osh sodasi va xuddi shuncha miqdorda tuz qoʻshing. Suvni aralashtirgandan keyin kumush buyumlarni ushbu eritma ichiga solib, 10-15 daqiqaga qoldiring. Shundan keyin buyumlarni yumshoq mato boʻlagi bilan artib oling.