“Fuqarolar tushib qolgan murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda” – Senat qimmat aviachiptalar haqida

  • 13:05 / 19.04.2021
  • 196

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga aviachiptalar narxi bo‘yicha senator so‘rovi yubordi.

Senator Q.Burxanovning ta’kidlashicha, joylardagi o‘rganishlar ayrim yo‘nalishlar uchun aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln. 700 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Xolbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 4 mln. 200 ming so‘m, Toshkent–Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2 mln. 800 ming so‘m (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent–Nyu York yo‘nalishi bo‘yicha esa 6 mln. 500 ming so‘m (parvoz vaqti –  12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

Senator parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoriligini ta’kidlab, bu “tushunarsiz holat” esa qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotganini ta’kidlaydi.

“Aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda. Zotan, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga Qozog‘iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan va bizning mas’ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda”, deydi senator.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini o‘rganib chiqish va natijasi borasida ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sh.Sharaxmetovga senator so‘rovi yuborilgan.