Fuqarolarga ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini berish DXM orqali ham amalga oshiriladi

  • 07:57 / 26.07.2021
  • 265

Prezidentning joriy yil 25-iyul kuni imzolangan tegishli Farmoniga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikasiya ID-kartasi hamda O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi.  

Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi: 
– Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali bosqichma-bosqich joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati (87 ta); 
– 2022-yil 1-yanvardan ko‘rsatish muddatlari qisqartiriladigan davlat xizmatlarining ayrim turlari ro‘yxati (59 ta).

2022-yil 1-yanvardan davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlardan quyidagilarni talab qilish bekor qilinadi:

Faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlarni:
– tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlarini;
– lisenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligi bo‘yicha ma’lumotlarni;
– davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumotlarni;
– qimmatli qog‘ozlar, qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar, dividendlar olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
– kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni;
– jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan va olingan alimentlar to‘g‘risida ma’lumotlarni;
– oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlarini;
– jismoniy shaxs o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlarni;
– jismoniy shaxs umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) muassasasini tugatganligi haqida ma’lumotlarni;
– fuqaro “Yoshlar daftari” yoki “Ayollar daftari”da mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlarni;
– o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlarni;
– oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni;

Quyidagi hujjatlarni:
– moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
– jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni;
– ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni.

Bunda, ushbu hujjat va ma’lumotlar tegishli mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi.