Fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga ruxsat berilishi mumkin

  • 18:08 / 27.06.2021
  • 225

Fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga ruxsat berilmoqda.

Fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov bekor qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Senatning navbatdagi yalpi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullangan. 

Qonun bilan quyidagilar bekor bo‘lmoqda:

– fuqarolarning jamoat joylarida “ibodat liboslari”da yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov;
– diniy ta’lim mussasalarida ta’lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi;
– diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi;
– diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish talabi bekor bo‘lmoqda.

Shuningdek, qonunda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillari tubdan yengillashtirilmoqda:

– diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirilmoqda;
– diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig‘ilish o‘tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlanmoqda;
– taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqarmoqda;
– ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda;
– diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda;
– ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qiniy tashkilotning faoliyati faqatgina sud tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligi, mansabdor shaxslar tomonidan diniy tashkilotlarning qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilganda ular davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi va boshqa qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach kuchga kiradi.