Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida may oyining eng yaxshilari aniqlandi

  • 14:44 / 03.06.2021
  • 82

Oʻzbekiston Professional Futbol Ligasi Coca-Cola Superliga klublari bosh murabbiylari va sardorlari hamda muxlislar oʻrtasida o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, “Paxtakor” hujumchisi Dragan Cheran eng yaxshi futbolchi deb topildi. “Sherlar” hujumchisi o‘tgan oyda 3ta o‘yin o‘tkazib, ushbu uchrashuvlarda 3ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

Chempionatning may oyidagi eng yaxshi murabbiyi esa Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi ustozi Ulug‘bek Baqoyev bo‘ldi. Jizzax klubi ushbu mutaxassis qo‘l ostida may oyida 3 o‘yin o‘tkazib, 3ta bahsda ham raqiblari ustidan g‘alaba erishdi.

Muborakning “Mash’al” klubi yarimhimoyachisi Sardor Abduraimovning Olmaliq vakili AGMK (2:1) darvozasiga kiritgan to‘pi esa ortda qolgan oyining eng chiroyli goli deb topildi.

Ma’lumot uchun ayni paytda, O‘zbekiston chempioanti jadvalida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi 22 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda 21 ochko to‘plagan  Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi bormoqda. 

Bugungacha 16 ochko jamg‘argan Olmaliqning AGMK jamoasi esa uchinchi pog‘onani band etgan. Ortda qolgan 9 tur natijalariga ko‘ra 7ta gol urgan “So‘g‘diyona” hujumchisi Shohruz Norxonov ayni paytda musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi.