Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 10ta jamoasi bosh murabbiysiz qolishi mumkin

  • 05:55 / 10.06.2021
  • 237

Superliganing 10ta, Pro Liganing esa 5ta klubi yil oxirida bosh murabbiysiz qoladi. Bu haqda O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi direktori Diyor Imomxo‘jayev ma’lum qildi. 

Mutaxassis o‘zining Telegram kanalida 5-iyul kuni O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi ochilishi hamda jamoalar bunda hech bo‘lmasa 2022-yilni ko‘zlab, futbolchilar bilan shartnoma imzolashlari mumkinmi degan savolga javob berdi.

Unda, shu yil so‘nggida  “Metallurg”, “Paxtakor”, “Surxon”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “So‘g‘diyona”, “Qo‘qon-1912”, “Nasaf”, “Turon”, “Andijon” kabi Superliga klublari hamda “Olimpik”, “Yangiyer”, “Dinamo”, “Sho‘rtan”, “Xorazm” kabi Pro liga klublari bosh murabbiysiz qolishini fakt sifatida keltirgan. Shuningdek, “Oqtepa” va “Buxoro”da murabbiy masalasi chalkashligini ta’kidlagan. 

Qayd etilishicha, 23ta professional klubning 17tasida bosh murabbiy va rahbariyatning kelasi mavsum uchun rejasi deyarli mavhum. Bu esa katta ehtimol bilan, yozgi transfer yurishlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. 

Shu o‘rinda, PFl rahbari holat yuzasidan xulosa chiqarish uchun Yevropa klublari bu masalada qanday ishlashini o‘rganib chiqishning o‘zi kifoya qilishini aytgan.