Futbol, OFK Kubogi: bugun barchamiz “Nasaf”ga muxlislik qilamiz!

  • 11:45 / 22.09.2021
  • 125

Bugun Qarshi shahrida OFK Kubogi Interzonal mintaqasi yarim final uchrashuvi o‘tkazilib, unda mahalliy “Nasaf” jamoasi Hindistonning "Mohun Bagan" klubi bilan final bosqichiga chiqish uchun kuch sinashadi. 

Mazkur uchrashuvni suriyalik hakamlar guruhi boshqarib boradi. 
 
OFK kubogi-2021. Hududlararo yarim final

“Nasaf” (O‘zbekiston) – “Mohun Bagan” (Hindiston)

Bosh hakam: Hanna Hattab (Suriya).

Yordamchi hakamlar: Ali Ahmad (Suriya), Mazen Zazfun (Suriya).

Zaxira hakami: Mas’ud Tufayeliy (Suriya).

Hakamlar nazoratchisi: Mahyub Sodiq (Falastin)

Tibbiy va infeksiya nazorati ofiseri: Farrux Avezov (Tojikiston)

Uchrashuv komissari: Fahad Al Barrak (Quvayt)

OFKning mahalliy koordinatorlari: Sherzod Rajabov, Zohirjon Akramxonov.
“Nasaf” – “Mohun Bagan” uchrashuvi Qarshidagi “Markaziy” o‘yingohda bo‘lib o‘tadi va soat 20:00da start oladi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng, OFK vakillari o‘yinga muxlislar kiritilishiga izn berishdi. Faqat ma’lum shartlar bilan. Koronavirus infeksiyasi hali butkul chekinib ulgurmaganligi sababli, bugungi bellashuvga muxlislar cheklangan holda kiritiladi va ulardan karantin qoidalariga to‘liq rioya qilishlari so‘raladi. Chiptalar faqat 5 ta sektor uchun chiqarilgan (5, 6, 7, 8, 9). Ularning narxi esa 25 000 so‘m etib belgilangan. 

Bugun “Nasaf” zafar quchsa, Interzonal finaliga yo‘l oladi va bu bosqichda 
Gonkongning "Li Man" klubiga raqib bo‘ladi. Shunisi quvonchliki, bitta bahsdan iborat bu o‘yin ham Qarshi shahrida bo‘lib o‘tadi. 

Kecha hamyurtimiz Sardor Rashidov o‘ynaydigan Quvaytning "Quvayt SK" klubi  Iordaniyaning "Al-Salt" jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va OFK Kubogi Gʻarb mintaqasi  final o‘yiniga yo‘l oldi. Rashidov ushbu o‘yinda maydonga tushirilmadi.
"Quvayt SK" endi Gʻarb mintaqasi final o‘yinida Baxraynning "Al-Muharraq" jamoasi bilan safarda bahs olib boradi. "Quvayt SK" ushbu o‘yinni ham o‘z foydasiga hal qila olsa, u holda OFK Kubogi final o‘yiniga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. OFK Kubogi bosh sovrini uchun o‘tkaziladigan final o‘yinida Gʻarb mintaqasi va Interzonal mintaqa g‘oliblari o‘zaro to‘qnash keladi. Interzonal mintaqa g‘olibligi uchun esa Qarshining "Nasaf" klubi kurash olib borayotganligi hammaga ma’lum. Bugun "Nasaf" Interzonal yarim final o‘yinida "Mohun Bagan"ga qarshi kurash olib boradi..