Futbol, o‘rtoqlik uchrashuvi: yirik hisobdagi mag‘lubiyat ...foydamizga ishlaydi

  • 08:32 / 13.10.2021
  • 130

Kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iordaniyada o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida mezbonlar bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Avvaldan aytish kerak, mag‘lubiyat yoqimsiz natija, ayniqsa u yirik hisobdagi ko‘rinish bilan bo‘lsa. Biroq bundan fojea yasash kerak emas, sababini quyida tushuntirib o‘tamiz.

Srechko Katanes milliy terma boshqaruviga tayinlanganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Esingizda bo‘lsa, Shvetsiya yig‘ini u kelmasdan oldin hal bo‘lgan edi va u yerga boradigan tarkibni ham Katanes aniqlamagan edi. Bu safargi Iordaniya yig‘ini tarkibini sloveniyalik mutaxassisning o‘zi belgiladi. Bir oy davomida mamlakat Superliga o‘yinlarini kuzatdi va o‘zi xohlagan o‘yinchilarni termaga jalb qildi. Faqat legionerlar o‘yinlarini bevosita ko‘rmamagani uchun, ularni yig‘inda sinab ko‘rishga qaror qildi.

Katanes yig‘in boshidayoq o‘rtoqlik uchrashuvlarda barcha futbolchilarga imkon berilishini maʼlum qildi. Malayziya bilan o‘tkazilgan ilk uchrashuv 4 nafar futbolchi uchun milliy jamoamiz libosidagi debyutga aylandi. O‘sha kuni AGMK posboni Valijon Rahimov, “Nasaf” vakillari Dilshod Saitov va Husayn Norchayev, BATE vingeri Shohboz Umarov terma jamoada o‘ynash masʼuliyatini 1-marta his qilib ko‘rishdi.

Azizjon G‘aniyev deyarli 1 yillik tanaffusdan keyin yana terma jamoa safida maydonga tushdi. Murabbiy bilmagan o‘yinchisini qanday qilib asosiy tarkibda maydonga tushirdi degan savol bu yerda ortiqcha. "Shabab Al Ahli" xavbekining oxirgi o‘yini o‘tgan yilning noyabr oyida o‘tgan aynan Srechko Katanes boshchiligidagi Iroqqa qarshi bahs bo‘lgandi (1:2).

Nihoyat legionerlar qay xolatda ekanini ko‘rish uchun Rustam Ashurmatov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodovlar ham tarkibdan joy olishdi. Malayziyaliklar bilan o‘yinda murabbiy raqib o‘yinchilarini muntazam taʼqib qilishni va o‘yin davomida bosim o‘tkazishni talab qilgandi. Futbolchilar bu ko‘rsatmalarni aʼlo darajada uddalab, 5:1 hisobida zafar quchishgandi.

Mezbonlar bilan o‘yinda Katanes oldida boshqa vazifalar bor edi, qolgan o‘yinchilarga imkon berish, turli sxemalardan foydalanish va o‘yin borishiga qarab taktikani o‘zgartirish. Amalda bu vazifalarning bari sinovdan o‘tdi.

Albatta bularni amalga oshirish uchun raqibga gol urish imkoniyatini tortiq qilish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Lekin hisobda orqada borayotganimiz uchun murabbiy barcha o‘ylagan rejalarini amalga oshirish uchun imkon yaraldi.

Iordaniya bilan o‘yinda kutilganidek, asosiy tarkibda o‘zgarishlar bo‘ldi. Darvozani bu safar Eldor Suyunov egalladi. O‘ng qanot himoyasi o‘z egasi – Hojiakbar Alijonovga topshirildi. Markaziy himoyada Islom Qobilov o‘z joyini egalladi. Chap qanot esa Ibrohimhalil Yo‘ldoshevga berildi.  

“Nasaf” tayanch himoyachisi Akmal Mozgovoy ilk bor asosiy tarkibdan joy oldi. Yana bir qarshilik futbolchi Oybek Bozorov yagona hujumchi ortiga qo‘yildi. Qisqasi boshlang‘ich tarkibdagi o‘yin sxemasi 4-2-3-1 ko‘rinish oldi.

O‘yindagi dastlabki ikki gol himoyachilarimizning qo‘pol xatolari evaziga sodir bo‘ldi. Birinchi golni o‘tkazib yuborishimizdan sal avval, Islom Qobilov oddiy vaziyatda Otabek Shukurovga pas beraman deb raqibga to‘pni sovg‘a qilib qo‘ydi va Adnan Hamad shogirdlari yo‘q joydan qarshi hujumga o‘tish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu birinchi “signal” edi. 30-daqiqada Qobilov birinchisidan ham kattaroq “qovun” tushurdi. Yana oddiy vaziyatda elementar pasni berishda xato va to‘p raqibga oldirib qo‘yildi. Bu safar uning ortida sheriklari yo‘q edi. Iordaniyaning 10-raqamdagi vingeri Musa Al-Tamari Islomga bosim qilib to‘pni olib qo‘ydi, o‘zi oldiga yurdi va jamoadoshi Faysal Bahaga hammasini chaynab berdi. Qizig‘i, bu “Lokomotiv” markaziy himoyachisining oxirgi xato emas ekan. 37-daqiqada himoyadan berilgan uzun pasga chiqib borgan Qobilovni Ali Olvan bir harkat bilan "uxlatib ketdi". Yana xavfli hujum, bu safar boyagi Faysal to‘pni oyog‘idan yo‘qotib qo‘ydi va Islomning o‘zi ortga qaytib kelib uchinchi xatosini tuzatishga ulgurdi. Bir bo‘limda uch qo‘pol xato terma jamoa markaziy himoyachisi uchun juda ko‘p.

Birinchi bo‘limning yana bir antiqahramoni Shahboz Umarov bo‘ldi. Masharipovning joyida tushgan BATE vingeri Jaloliddinning teskarisi ekanligiga guvoh bo‘ldik. Ya’ni, "Al Nassr" a’zosi doim pas qidiradi, uning paslari zarbalaridan ancha sifatli. Umarovda esa zarbasi paslaridan kuchliroq. Ha, bugun ayniqsa kuchliroq bo‘ldi. Chunki, bugun u asosan osmonlarga zarba beraverish bilan vaqt o‘tkazdi. Chap qanotimiz juda kam ishladi, chapdan tashkillashtirilgan hujumlarning deyarli hammasi Shag‘bozning juda noaniq zarbalari bilan yakunlanaverdi. Shu kuni u maydondagi hammadan ko‘p zarba berdi va hammasi noaniq. Eng ko‘p to‘p yo‘qotgan futbolchi ham aynan Umarov bo‘ldi. Ochig‘i, tanaffusda Katanesdan Qobilov hamda Umarovni almashtirishini kutgandim. Lekin, murabbiy BATE a’zosiga tegmadi va narigi qanotdagi Hamdamovni Amanovga almashtirdi. Qobilov esa joyini Abdulla Abdullayevga bo‘shatib berdi.
Butun o‘yin asosan jamoa uchun emas, o‘zi uchun o‘ynagan Umarov 90 daqiqa maydonda qoldi. Buning faqat bitta sababi bo‘lishi mumkin. Belorus chempionatida to‘p suradigan futbolchini doimo kuzatishning iloji yo‘q. Shu sabab ham unga oxirigacha imkon berildi. Shaxsan keyingi yig‘inlarga Umarov chaqirilmasa, ajablanishning hojati yo‘q.   

56-daqiqada jarima zarba ijro etilgandan keyin to‘p yo‘l-yo‘lakay 6-raqamdagi markaziy himoyachi Nasib Abdullohning boshiga tegib Eldor Suyunov darvozasidan joy oldi. Vaziyat chigallashib keta boshladi. Katanes vaziyatdan chiqish uchun taktikani o‘zgartirdi va 4-4-2ga o‘tdi.

Buyog‘iga Malayziyaga qarshi yaxshi ish bergan taktikaga o‘tildi, ammo harakatlar va paslar pala-partish tus ola boshladi. Raqibning jismonan yaxshiroq holatda ekanligi 2-bo‘limda yaqqol o‘z so‘zini aytdi. Yuqoridagi tarkibga e’tibor bering, ikkala qanotdagi vingerlarimiz ham yaratuvchi, kutilmagan paslar bilan maqtana oladigan o‘yinchilar emas. Aksincha, asosan kuchli zarbalari bilan tanilishgan. Shomurodov va Sergeyev juftligiga esa paslarni yetkazib bera oladigan vingerlar kerak edi. Vaziyatda to‘g‘ri baholagan murabbiy 11 daqiqadan keyin taktikamizni 4-3-3ga o‘zgartirdi. Bunda Shomurodov o‘rnini Aziz Gʻaniyev egalladi.

Katanes o‘yin davomida taktikani 3 marta o‘zgartirdi, o‘yinchilar joylashuvini esa doimiy o‘zgartirdi. Bellashuvni 4-2-3-1 taktik sxemasida boshladik, 4-4-2da davom ettirdik va 4-3-3 bilan tugatdik. Afsus, natija o‘xshamadi.

Bunday o‘yin va natija Katanes uchun foyda bo‘lishi kerak. Mag‘lubiyat fojia emas, undan xulosa chiqarmaslik fojia. Katanes bugun anchagina jihatlarni o‘zi uchun bilib olgan bo‘lsa ajab emas. Ikkita yaxshi o‘yindan keyin, bunaqasini ham ko‘rdi. Umid qilamiz, murabbiy o‘rtoqlik o‘yinlaridagi mana shunday xatolardan kerakli xulosalarni chiqarib boradi va kelajakdagi rasmiy bellashuvlarda bunga yo‘l qo‘ymaslikka urinadi. Buguncha esa sharmandali mag‘lubiyatni qabul qilib oldik.

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi

O‘zbekiston - Iordaniya 0:3 
Gollar: Faisal Baha 30, 0:1, Al Nasib Abdullox 56, 0:2,  Hamza Al Dardur 83, 0:3

O‘zbekiston: 1.Eldorbek Suyunov, 3.Hojiakbar Alijonov, 2.Islom Qobilov (18. Abdulla Abdullayev, 46) 5.Doston Tursunov (, Husniddin Aliqulov, 60), 19.IbrohimHalil Yo‘ldoshev (Farruh Sayfiyev, 60) , 7.Otabek Shukurov, 20.Akmal Mozgovoy, 11.Shahboz Umarov, 17.Dostonbek Hamdamov (9.Azizbek Amonov, 46), 22.Oybek Bozorov (Igor Sergeyev, 60), 14.Eldor Shomurodov.
Zaxira: O‘tkir Yusupov, Valijon Rahimov, Rustam Ashurmatov, Dilshod Saitov, Aziz Gʻaniyev,  Husayn Norchayev

Iordaniya: Yazed Abdulla, Ehsan Haddad, Abdallah Nasib, Yazan Alarab, Muhammad Ali Hashesh, Odai Saifi, Fadel Hasan, Abdulrahman Baha, Musa Tamari, Ali Olvan, Faisal Baha

Shu bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasining Iordaniyada o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga yakun yasaldi. Navbatdagi yig‘in noyabr oyidagi FIFA kunlariga mo‘ljallangan.