Futzal bo‘yicha Jahon chempionatida O‘zbekiston o‘z ishtirokini boshladi

  • 09:10 / 13.09.2021
  • 68

Kecha Litva davlatining poytaxti Vilnyus, shuningdek Kaunas va Klaypeda shaharlarida futzal bo‘yicha IX Jahon chempionati bahslari boshlandi. O‘zbekiston futzalchilari ketma-ket ikki marta final bosqichiga yo‘l oldilar. 5 yil avval Kolumbiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida debyutant sifatida qatnashgan hamyurtlarimiz “A” guruhida mezbonlar, Portugaliya va Panama terma jamoalari bilan bahs yuritishgan va Kolumbiya bilan jangovar (3:3) durang evaziga yagona ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallashgandi.
Bu yilgi Jahon chempionatiga futzalchilarimiz puxta tayyorgarlik ko‘rishdi. Horijiy yig‘inlarda kuchli jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etildi. Jumladan, hamyurtlarimiz Jahon chempioni Ispaniya, shuningdek reytingda kuchli yigirmatalikdan joy olgan  Argentina, Venesuela, Tailand, Eron, Portugaliya terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida kuch sinashishdi.


Bevosita Litvada o‘tayotgan Jahon chempionatiga kelsak, musobaqada 24 mamlakat vakillari 6 guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib borishmoqda. Hamyurtlarimizga “В” guruhida Rossiya, Gvatemala va Misr jamoalari raqiblik qilishadi. Kecha ushbu guruhda dastlabki tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Dastlab Rossiya va Misr jamoalari bahs yuritishdi. Unda ruslar Misr futzalchilariga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi va 9:0 hisobida zafar quchishdi.


So‘ngra hamyurtlarimiz Gvatemala termasi bilan bahs olib borishdi. Shimoliy Amerikaning eng kuchli jamoalaridan hisoblanmish gvatemalaliklar 2-bo‘lim boshida 4:1 hisobida oldinga chiqib olishgandi. Shunda bosh murabbiy Bahodir Ahmedov tavakkalga qo‘l urdi va darvozabonni 5-o‘yinchiga almashtirdi. Bu o‘z samarasini berdi va futzalchilarimiz hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu yog‘iga yana darvozabonni o‘z o‘rniga qo‘yib, o‘yinda bemalol durangga erishish mumkin edi. Biroq 5-o‘yinchi o‘z samarasini berayotgani uchun, murabbiy sxemani o‘zgartirmadi. Afsuski, o‘yintugashiga 14 soniya qolganda raqibimiz bo‘sh darvozani ishg‘ol qilib, g‘alabaga erishdi. Alamli mag‘lubiyat...

Futzal bo‘yicha Jahon chempionati-2021
1-tur
O‘ZBEKISTON - GVATEMALA - 4:5
12 sentyabr 2021 yil. Vilnyus. "Vilnius Arena" majmuasi.
Hakamlar: Nikola Yelich (Xorvatiya), Chiara Perona (Italiya), Eduardo Fernandes (Portugaliya).
VAR hakami: Ondrey Cherni (Chexiya).
Vaqtga mas’ul hakam: Borislav Kolev (Bolgariya).
Komissar: Sergey Silva (Litva).
Kordinator: Joe Rissello (Italiya).

Gollar: Fernando Kampanyak 4, - 0:1. Marvin Sandoval 5, - 0:2. Ixtiyor Ropiyev 6, - 1:2. Alan Aguilar 7, - 1:3. Marvin Sandoval 22, - 1:4. Ixtiyor Ropiyev 25, - 2:4. Ixtiyor Ropiyev 35, - 3:4. Uolter Enrikes 39 avtogol - 4:4. Alan Aguilar 40, - 4:5.

O‘ZBEKISTON (birinchi beshlik): 1.Rustam Umarov, 4.Ixtiyor Ropiyev, 6.Ilhom Hamroyev, 8.Husniddin Nishonov, 10.Davron Choriyev.
Zaxira: 12.Ravshan Eliboyev, 2.Anasxon Rahmatov, 3.Mashrab Odilov, 5.Muzaffar Ahadjonov, 7.Dilshod Rahmatov, 9.Elbek To‘lqinov, 11.Akbar Usmonov, 14.Xushnur Erkinov, 15.Sunnatilla Jo‘rayev.
Bosh murabbiy: Bahodir Ahmedov (O‘zbekiston).

Gvatemala (birinchi beshlik): 2.Uilyam Ramires, 5.Edgar Santizo, 7.Xose Mansilla, 9.Uolter Enrikes, 10.Marvin Sandoval.
Zaxira: 12.Xose Reyes, 3.Pablo Moran, 6.Aleksander Alay, 8.Roman Alvarado, 11.Alan Aguilar, 13.Vanderley Ruiz, 15.Patrik Ruiz, 16.Fernando Kampanyak.
Bosh murabbiy: Estuardo De Leon (Gvatemala). 

Ogohlantirishlar: Akbar Usmonov 24, Uolter Enrikes 26, Sunnatilla Jo‘rayev 28, Fernando Kampanyak 32.

“В” guruhida navbatdagi tur 15-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni hamyurtlarimiz guruh peshqadami – Rossiya jamoasiga qarshi maydonga tushadilar.