Germaniyadagi toshqin qurbonlari soni 133 nafarga yetdi – video

  • 13:21 / 17.07.2021
  • 107

Germaniyada suv toshqinlari qurbonlari soni keskin oshib, 133 nafarga yetdi. Bu haqda shanba, 17-iyul kuni Bild gazetasi xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, mamlakatning Reynland-Pfals federal yeri hududida kamida 90 kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan. Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerlarida esa 43 nafar fuqaro qurbon bo‘lgani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, kecha, juma kuni Kyoln yaqinidagi Erfshtadt shahrida vaziyat ancha yomonlashgan – uylarning suv ostida qolgan. Rasmiylar bu holat qurbonlar sonining yanada ko‘payishiga olib kelishidan xavotirda.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning g‘arbiy qismida toshqin qurbonlari soni 100 nafarga yaqinlashgani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Bild nashrining ta’kidlashicha, yuz bergan toshqin so‘nggi bir necha o‘n yilliklar ichida eng talofatlisi bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, ayrim hududlarda suv balandligi oldingilaridan 2 metrga balandroqni tashkil qilib, 5,75 metrgacha yetgan. Suv balandligi o‘sishda davom etishi aytilmoqda.