Germaniyaning 1,1 milliard yevro investitsiyasi to‘liq o‘zlashtiriladi

  • 15:49 / 10.04.2020
  • 518

Joriy yil 8-aprel kuni Germaniyaning 30 ta yirik kompaniya va banklari – “TissenKrupp”, “Metro”, “MAN”, “Takraf”, “Papenburg”, “Falk Porshe Teknik”, “Klaas”, “Knauf”, “Doyche bank”, “Kommersbank”, “Landesbank” va boshka bir qator korxona rahbarlari ishtirokida videokonferensiya formatidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Videokonferensiyada O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov ishtirok etdi; Germaniya kompaniyalari vakillarga “Mangold Konsalting” kompaniyasining boshqaruv raisi Klaus Mangold boshchilik qildi.

Germaniyalik ishbilarmonlar tomonidan virus tarqalishidan kelib chiqqan noqulay tashqi omillarga qaramay, o‘z bizneslarini O‘zbekistonda davom ettirish va rivojlantirishga katta qiziqish bildirildi. “Kommersbank” va “Landesbank” kabi germaniyalik banklar bilan moliyaviy hamkorlik faol olib borilmoqda, moliyalashtirishning asosiy qismi to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va qurilish materiallari tarmoqlarida xususiy loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

2020-yil uchun belgilangan 1,1 mlrd. yevro miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniya investitsiyalarini to‘liq o‘zlashtirilishi to‘g‘risida aniq kelishuvlarga erishildi.

Muhokama davomida Germaniya biznes va tijorat banklari vakillariga o‘zlari qiziqqan masalalar, shu jumladan respublika hududida bo‘lgan va chiqib keta olmaydigan xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun vizalarni uzaytirish tartiblari, eksport faoliyatidagi transport xarajatlari uchun subsidiyalar berish mexanizmlari, shuningdek hozirgi inqiroz sharoitida korxonalarga soliq imtiyozlarini qo‘llash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Tadbir natijasida, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining muvofiqlashtiruvi asosida maqsadli chora-tadbilar olib borishni nazarda tutuvchi O‘zbekistonda investitsiya loyihalarni amalga oshiruvchi germaniyalik ishbilarmonlar bilan yaqin hamkorlik mexanizmini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, Sardor Umurzakov Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti Bandar Hajar bilan koronavirus tarqalishi va uning oldini olishdagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgandi.