Global terrorizm indeksida O‘zbekiston ikki yil ichida 18 pog‘onaga yuqoriladi. Bunga qanday omillar sabab bo‘lgan?

  • 11:09 / 01.12.2019
  • 459

Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan tuzilgan 2019-yilgi Global terrorizm indeksida O‘zbekiston 160 ta davlat ichidan 135-o‘rinni egallab, eng xavfsiz mamlakatlar qatoridagi o‘z mavqeini yanada mustahkamladi.

2017-yilda 117-o‘rinda edi

Ta’kidlash lozimki, xalqaro ekspertlar O‘zbekistonni ushbu reytingda 2017-yilda 117-o‘rin, o‘tgan yili 132-o‘ringa joylashtirishgan edi.
Ushbu nufuzli tahliliy tadqiqot markazi tomonidan e’lon qilingan xalqaro reyting bo‘yicha O‘zbekiston duyoning eng xavfsiz 30 ta davlatlar qatoriga kiritilishiga IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari o‘z munosabatini bildirdi:

So‘nggi yillarda terrorizmga qarshi kurash borasida samarali ishlar bajarildi

“Ushbu nufuzli tashkilot tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda mamlakatimizning yuqori pog‘onalarda qayd etilganini, so‘nggi yillarda yurtimizda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash “jaholatga qarshi ma’rifat” ulug‘vor g‘oyasi asosida amalga oshirilayotganligining natijasi deb bilaman”, deydi IIV Malaka oshirish instituti Huquqbuzarliklar profilaktikasi kafedrasi boshlig‘i, polkovnik Bahodir Ulug‘bekov.

E’tirofga erishishni yoshlarning diniy bilimi oshganligi bilan baholash lozim

“Mazkur xalqaro e’tirofni xalqimiz, birinchi navbatda yoshlarimizning huquqiy va diniy bilimlarini kuchaytirish orqali ular orasida ektremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olishga asoslangan radikallashuvga qarshi kurashning milliy modelning natijasi deb bilaman.

O‘rganishlar diniy ekstremizm va terrorizmning nafaqat umume’tirof etilgan xalqaro qoidalar, davlatlarning milliy qonunchiligi, balki islom dini asoslariga ham zid ekanini ko‘rsatmoqda”, deydi IIV Malaka oshirish instituti Jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Jamshid Ravshanov.

Huquqni muhofaza qilish organlari sermahsul mehnat qildi

“Bunday e’tirofga loyiq ko‘rilishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Buning ortida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa davlat idoralari, jamoat va diniy tashkilotlar hamda keng jamoatchilik bilan samarali hamkorlik, sermahsul mehnat yotganligini ta’kidlab o‘tish joiz.

Zero, ko‘plab davlatlar bugungi kunda xavfsizlik masalalarida tahlikali holatlarni guvohi bo‘lyapmiz. Turli xil nizolar, din niqobidagi ekstremistik va terroristik guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgan buzg‘unchilik ishlari, ularning fitnasi sababli yuzaga kelayotgan qurolli mojarolar natijasida ro‘y berayotgan mudhish oqibatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish lozim”, deydi IIV Malaka oshirish instituti Jinoyatchilikka qarshi kurash kafedra katta o‘qituvchisi, mayor G‘ayrat Toshqulov.

Xabardor.uz