G‘or odamlari: Nega minglab xitoyliklar hali ham “zindon”da yashamoqda?

  • 09:51 / 02.09.2021
  • 320

Markaziy Xitoyning ba’zi hududlarida yerdan uy qazish odati hanuzgacha mavjud. Masalan, Xenan viloyatidagi Sanmenhi shahri butunlay shunday tuzilmalardan iborat. Aholining bunday turmush tarzida hayot kechirishi va yer osti mahallalari ko‘plab sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.

Yaodun uylarining (“g‘or uylari”) tarixi bronza davriga borib taqaladi. Ming imperiyasi davrida bu binolar zamonaviy qiyofaga ega bo‘lgan. Ya’ni, ular bir necha xonalardan tashkil topgan katta hovlilar ko‘rinishida qad rostlagan.

2011-yilda Sanmenhi shahridagi turar joy mahallalari Xitoyning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan va hozirda ular davlat himoyasida. Tog‘ning tepasidagi uylar 6-11 metr chuqurlikgacha qazilgan. Ularning asosiy afzalligi energiya samaradorligidir. Yozda, hatto peshin paytida ham uylardagi harorat 20 darajadan oshmaydi, qishda esa 8-10 darajani tashkil etadi. 

Sanmenhidagi uylarning ko‘p qismi qaytadan modernizatsiya qilindi, suv tizimi va elektr ta’minoti yo‘lga qo‘yildi. Sayyohlar tashrif buyuradigan Yaodun uylari juda chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lib, odamlar diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishlari va u yerga dam olish uchun borishlari mumkin. Oddiy xonalari bir oy uchun 30 dollarni tashkil etadi.

Mahalliy aholi u yerdagi turmush tarzidan minnatdor: “Yaodun har doim iliq va qulay. Mening bobom shu yerda yashardi, nabiralarim ham shu yerda tug‘ildi. Bizning oilamiz sakkiz yaodunni egallaydi. Qulayligi shundaki, oila kengayganda, biz shunchaki yangi uylarni qazib olamiz”, – deydi Yaodun aholisi Chjan Chjiszyun.