Gretsiya hukumati Turkiya bilan chegarada devor qurgani ma’lum bo‘ldi

  • 12:39 / 23.08.2021
  • 241

BBC bergan xabarga ko‘ra, Gretsiya hukumati Turkiya bilan chegara hududida 40 kilomterlik devor qurgan. Ushbu devor Turkiya Yevropa mamlakatlarini afg‘onistonlik qochoqlarga ko‘maklashishga chorlagandan so‘ng qurilgan. Gretsiya Mudofaa vazirligi devorlar mustaham turishi va hukumat oqibatlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, Gretsiya mamlakatga noqonuniy kelgan shaxslarni ortga qaytarishini ma’lum qilgan. 

Qayd etilishicha, Turkiya prezidenti Rejjeb Tayyip Erdog‘an Afg‘oniston Tolibon tomonidan egallanishi oqibatida mamlakatni tark etayotgan qochoqlar butun dunyo uchun katta muammoga aylanishi mumkinligini bildirgan. Turkiya prezidenti Yevropa mamlakatlarini afg‘onistonlik qochoqlar uchun mas’uliyatni bo‘yniga olishga chorlagan. 

Ma’lumot uchun, 2015-yilda yuz bergan qochoqlar inqirozida Gretsiya asosiy ishtirokchilardan biri bo‘lgandi. Inqiroz davrida urush va kambag‘allikdan qochgan millionlab shaxslar Turkiya orqali Yevropa qit’asiga o‘tgandi. Qochoqlarning ko‘pchiligi harakatlanishda davom etib, Yevropaning shimoliy hududlariga yo‘l olganiga qaramasdan, Gretsiyada 60 000 nafar qochoq qolgandi.