Habib Fergyusonga qarshi jang qilishga tayyor ekanligini aytdi

  • 15:11 / 06.04.2020
  • 541

Yengil vazn toifasida UFC chempioni Habib Nurmagomedov 18-aprel kuni Toni Fergyusonga qarshi jang qilish umidida ekanini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda MMA FIGHTING nashri.

“Ular jang o‘tkaziladigan aniq joyni aytishmayapti. Nega men AQShga uchishim kerak? Nima uchun Osiyoga yoki Afrikaga uchmayapman. Ehtimol, jangni Yevropada tashkil qilish mumkin. Yoki Yaqin Sharqdami?! Qayerda jang qilishimni bilmayman”, deydi sportchi ESPN’ga bergan intervyusida.

Xabarda ta’kidlanishicha, Nurmagomedov Abu Dabiga uchgan, chunki UFC prezidenti Dana Uayt jang katta ehtimol bilan shu yerda bo‘lishini aytgan. Ammo biroz vaqt o‘tib, mamlakat chegaralari chet el fuqarolari uchun yopilgan.
 
Keyinroq Habib jamoasi bilan Dog‘istonga qaytib kelgan. Bir necha kun o‘tib, Rossiya ham koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatga kirish va chiqishni taqiqlagan. 

“Jang 18-aprel kuni bo‘lishi mumkinmi? Men har kuni shug‘ullanyapman. Har kuni tongda va kechasi. Uyimda mashg‘ulot zali bor.

Hozirda UFC’ning eng yorqin yulduzlaridan biriman. Men yengilmas mashinaman, UFC’ning mutloq chempioniman. Bu odatiy jang emas.

Bellashuvgacha juda kam vaqt qoldi, men esa uning qayerda bo‘lishini ham bilmayman. Bu nimasi? Bu noprofessionallik”, — deydi Nurmagomedov.