“Haj”ga borishdagi navbatlar keyingi mavsumga saqlab qolinadi – Diniy qo‘mita

  • 14:59 / 14.06.2021
  • 114

Hukumat huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Saudiya Arabistoni hukumatining jahonda kuzatilayotgan murakkab epidemiologik vaziyat hamda hojilarning sog‘lig‘ini himoya qilishni ta’minlash maqsadida “Chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini cheklash, mahalliy aholi va mamlakatda doimiy yashovchi rezidentlar uchun Haj tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi,  “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni hukumatining hojilar  manfaatlari, ularning hayoti  va  sog‘lig‘ini  himoya  qilishni  ta’minlash nuqtai-nazaridan qabul qilgan ushbu qarorini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Jamoatchilik kengashi haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarimizning navbatlari keyingi mavsum uchun saqlanib qolishini eslatib o‘tadi”, – deyiladi Qo‘mita bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13-iyun kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Haj va umra vazirliklari tomonidan Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etilgan. Unda chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini cheklash, mahalliy aholi va mamlakatda doimiy yashovchi rezidentlar uchun Haj tadbirini o‘tkazishga oid masalalar ko‘rilgan.

Saudiya hukumatining ushbu qarori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, islom mamlakatlaridagi ko‘plab fatvo hay’atlari va boshqa ilmiy markazlar tomonidan ma’qullangan.

Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda Saudiya Arabistoni Podshohligida murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda. Har kuni o‘rtacha 1 000 dan ortiq virus bilan kasallanish, 15-20 ta o‘lim holati kuzatilmoqda.