Har bir hokimning kabineti “xalq qabulxonasi” bo‘ladi – Prezident

  • 20:39 / 23.07.2021
  • 220

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda aholi murojaatlari bilan ishlashning bugungi holati vazirlik va hududlar kesimida muhokama qilindi.  

Davlat rahbari odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning o‘zida bartaraf qilish kerakligini ta’kidladi.

Buning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

– Har bir hokimning kabineti “xalq qabulxonasi” bo‘ladi. Murojaatlarni ko‘rib, nimalarga e’tibor qilish bo‘yicha har bir rahbarning strategiyasi bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

Aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar aholi murojaatlari bo‘yicha yangicha tizimda ishlash yuzasidan o‘z fikr va rejalarini bayon etdi.