Har kuzda shu bo‘lar takror: Superligada “intrigalar” boshlandi

  • 10:06 / 10.09.2021
  • 74

Har yili ikkinchi davrada, ayniqsa uning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Superligasida o‘ziga xos “intrigalar”, ya’ni kutilmagan natijalar qayd qilinishi boshlanadi. Ya’ni, mavsum davomida autsayder bo‘lib kelgan jamoalar birdaniga “ochilib” ketishadi va jadval o‘rtasida borayotgan jamoalarni mag‘lub etishni boshlashadi. Kecha boshlangan 17-tur ham fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Avvalgi turda Bekobodda irodali g‘alabaga erishgan Muborakning “Mash’al” jamoasi kecha o‘z maydonida musobaqa autsayderi – “Andijon”ga yutqazib qo‘ydi. Ushbu uchrashuvning yana bir “intrigasi”, Bekobodda mahalliy mutaxassisdan musht yetgan muborakliklar bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov kecha stadionda ko‘rinmadi va o‘yin protokolida ham qayd etilmadi. Musht zarbini videolavha orqali ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lish kerak, har xolda jabrlanuvchi yotib qoladigan darajada emas edi. Unda u nimaga kechagi o‘yinda ko‘rinmadi va jamoasi nega autsayderga mag‘lub bo‘ldi kabi savollar ochiq qoldi. 

Bir qarashda “Mash’al” bundan oldingi turda Bekobodda g‘alaba qozonib, xavfli hududni tark etishni boshlagandi va bugungi ko‘zlangan g‘alabadan so‘ng imkoniyatlarini ancha yaxshilab olishlariga umid bor edi. “Andijon”ning quyidan eng pastda ekanligi, buning ustiga 16ta o‘yindan atigi ikkitasida g‘alaba qozona olganligi, eng muhimi, andijonliklar kuchlilar safida to‘p suribdiki, hali biror marta Muborakdan g‘alaba bilan qaytmaganliklari ham mezbonlarga dalda berayotgandek edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Uchrashuvning 31-daqiqasida mezbonlar jarima maydonlari ichida raqib hujumchisiga nisbatan qo‘pollik ishlatishdi. Usmonali Ismonaliyevning penaltidan tepgan to‘pi darvoza to‘riga tushdi, biroq bosh hakam to‘p tepilayotgan vaqtda mezbon o‘yinchisi jarima maydoni ichiga kirib ketganligi uchun boshqatdan zarba belgiladi. Usmonali ikkinchi zarbani ham bexato bajardi. Mazkur gol o‘yin oxirigacha o‘zgarmadi. “Andijon” Muborakdagi mazkur yutug‘i bilan o‘zining 16 mavsumlik “qora an’anasiga” chek qo‘ydi.

 Coca-Cola Superliga. 17-tur
9 sentyabr, payshanba
MASH’AL – ANDIJON - 0:1 (0:1)
Muborak. Bahrom Vafoyev nomidagi stadion.

Gol: Usmonali Ismonaliyev, 31-pen. (0:1)

Ogohlantirishlar: Sirojiddin Allayev, 29 – Muhammadkarim Toirov, 15, Sardorbek Xursandov, 66, Diyorbek Rahimqulov, 74, Plamen Dimov, 77.

Bugun Coca Cola Superligasida 17-tur o‘yinlari davom ettiriladi. Kun davomida uchta o‘yin o‘tkaziladi. Bekobodda "Metallurg" "Paxtakor"ni qabul qilsa, "Bunyodkor" Toshkentda "Qo‘qon-1912" bilan o‘ynaydi. "Navbahor" esa o‘z maydonida AGMK bilan o‘zaro hisob-kitob qiladi. 

10 sentyabr, juma
METALLURG – PAXTAKOR

Hakamlar: Viktor Serazitdinov, Sardor Nishonboyev, Avaz Abdullayev, Ibrohim Ismoilov

Nazoratchi: Ravil Shayaxmitov

Komissar: Aleksandr Davidenko

BUNYoDKOR – QO‘QON-1912

Hakamlar: Firdavs Norsafarov, Husniddin Shodmonov, Olim Abduvosilov, Sanjar Nazarov

Nazoratchi: Temur Abdullayev

VAR hakami: Ahrol Risqullayev

VAR assistent: Andrey Sapenko

VAR nazoratchisi: Vladislav Syeytlin

Komissar: Sherzod Rajabov

NAVBAHOR – AGMK

Hakamlar: Ilgiz Tantashev, Rishat Nugmanov, Doniyor Saylalov, Sultonmurod Abdurahmonov

Nazoratchi: Ma’mur Saidqosimov

VAR hakami: Elyor Tursunov

VAR assistent: Ziyodullo Abdurahmonov

VAR nazoratchisi: Valentin Kovalenko

Komissar: Laziz Qo‘chqorov