Har yerning o‘z qarichi bor: ayrim davlatlarda jarimaga sabab bo‘ladigan holatlar

  • 09:24 / 04.09.2021
  • 182

Filippinning Borakay orolidagi cho‘milish havzalarida juda ochiq kiyimda cho‘milish taqiqlanadi. Qoidani buzganlar 2,5 ming filippin pesosi miqdorida jarimaga tortiladi


Italiyaning Liguriya shahridagi Chinkve-Terre milliy parkida shippakda yoki sandalda yurish mumkin emas. Jarima 50 yevrodan 2,5 ming yevrogacha! Sababi, milliy bog‘ landshafti juda murakkab. Salgina noto‘g‘ri qadam bosilsa, qutqaruvchilarni chaqirishga to‘g‘ri keladi. Vertolyotsiz esa ish bitmaydi.

Rimdagi Pyassa Navona favvorasiga tashlangan tangalarni yig‘ishga, cho‘milishga, yonida o‘tirib spirtli ichimliklar ichishga, nimanidir o‘yib yozishga ruxsat yo‘q! Aks holda, 550 yevro to‘laysiz! 

Misr kurortlarida baliqlarni oziqlantirmaslikni, suvga plastik idishlar, ovqat qoldiqlari, kimyoviy moddalarni tashlamaslikni iltimos qilishadi. Hukumat BMTning marjon qoyalarini dayving va snorkling (akvalangsiz, faqat naycha, niqob va lastalarda suzish)ning salbiy ta’siridan saqlash haqidagi qaroriga qo‘shilgan. Hozircha jarima amalga kiritilmagan bo‘lsa-da talab qat’iy.

Bangkokda filni siylab, nimadir bermoqchi bo‘lgan kishi jarima uchun 310 dollar tayyorlashi shart.  

Parij, Vena, London, Germaniya, Jeneva, Venetsiyada esa kaptarlarni boqish taqiqlangan.  Germaniyada buning uchun 5 ming yevrolik jarima belgilangan.  

Belgiyaning Ostendosi shahrida chag‘alaylarni siylash mumkin emas. Jarimasi 250 dollar.
 

Sardiniya cho‘milish havzalaridan qum olish mumkin emas. Qo‘lga tushgan kishi jarima bilan qutulmaydi. Qamaladi.

Vyetnamda toshbaqa, kaltakesak, chayon kabi jonzotlarning tulumi (ichiga poxol va boshqa narsa tiqib qotirilgan hayvon) uchun 500 dollar jarima to‘lanadi. 


Tunisdan teri, yog‘ochdan tayyorlangan mahsulotlarni, xina va dorilarni olib ketishga yo‘l qo‘yilmaydi. Hatto esdalik uchun dinor olib ketish ham mumkin emas.  

Shunday ekan, sayohatda otlanishdan avval, albatta, boradigan manziligiz haqida oz bo‘lsa-da ma’lumot to’plab oling, u yerdagi asosiy tartib-qoidalarni o‘rganib chiqing.