Havo haroratining pasayishi kutilyapti – O‘zgidromet 

  • 15:30 / 07.06.2021
  • 262

O‘zgidromet 7–12-iyun kunlari uchun ob-havo ma’lumotini e’lon qildi

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, bugun mamlakat hududining katta qismida yoz faslining boshi uchun me’yoriy qiymatlardan 7-10 darajaga yuqori bo‘lgan, Eron hududlaridan kirib kelgan anomal issiq ob-havo saqlanib turadi.  

“Quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat kechga tomon Toshkent viloyatida, shuningdek tog‘ oldi va tog‘li huddularda konvektiv bulutlilik rivojlanishida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Ko‘pchilik viloyatlarda kunduz kuni havo 40-43 daradagacha, janubda ba’zi joylarda 44-46 darajagacha, Kavkaz hududlaridan kirib kelayotgan kuchsiz antisiklon ta’sirida respublika shimolida havo harorati pasayadi va 33-38 darajani tashkil etadi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 17-22 m/s gacha, ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan kuchayishi saqlanib turadi”, – deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Shuningdek, markaz ertaga Kavkaz hududlaridan kirib kelgan salqin havo respublikaning katta qismini qamrab olishi, buning hisobiga havo harorati pasayishini prognoz qilmoqda. 

“O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatida, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda shuningdek momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor. Havo harorati kechalari 24-27 daraja atrofida bo‘ladi, kunduz kunlari esa harorat pasayadi va 34-38 darajani, respublikaning eng janubida 41-43 darajagachani tashkil etadi”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bunday harorat haftaning oxirigacha davom etadi. Ammo haroratning hali ham me’yordan yuqori bo‘lishi, ya’ni kechalari 20-25 darajani, kunduz kunlari 34-39 darajani, respublikaning eng janubida 41-43 darajagachani tashkil etishi aytilmoqda.

Xabarga ko‘ra, ushbu davrda yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat tog‘ oldi va tog‘li huddularda konvektiv bulutlilik rivojlanishida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 8–9-iyun kunlarida shamolli ob-havo saqlanib turadi, respublika bo‘yicha shamol 17-22 m/s gacha, ba’zi joylarda changli bo‘ron bilan kuchayishi mumkin.