Haydovchilardan qator hujjatlarni talab etish tartibi bekor qilinadi – Hukumat qarori

  • 11:49 / 06.05.2021
  • 139

2021-yil 1-sentyabrdan haydovchilardan avtomototransportni boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga o‘tkazish orqali mazkur hujjatlarni haydovchidan talab etish tartibi bekor qilinadi. 

Ushbu tartib joriy yil 4-maydagi “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarorida belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, 2022-yil 1-avgustdan o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali taqdim etiladi.

2021-yil 1-iyulga qadar DYHXX organlarida avtomatlashtirilgan elektron tizimlarning YaIDXPga integratsiya qilingan holda to‘liq ishga tushirilishi ta’minlanadi.

Qarorga ko‘ra, 2021-yil 1-avgustdan quyidagi davlat xizmatlari YaIDXP orqali ko‘rsatiladi:
–  avtomototransportlar va shahar elektr transportlari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish;
–  avtomototransportlar va shahar elektr transportlar haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.