Hayotingizni yengillashtirishga yordam beruvchi 5 odat

  • 09:47 / 21.07.2021
  • 151

Ruhshunoslarning aksariyat qismi maqsad tomon kichik qadamlar bilan boʻlsa ham tinimsiz harakatlanish kerakligini aytishadi. Maʼlum bir ishni boshlash uchun dushanba kunini kutish shart emas. Oʻzingizda kichik odatlarni shakllantirish orqali hayotingizni yengillashtirishingiz va uni yaxshi tomonga oʻzgartirishingiz mumkin.

1. Tezkorlik bilan javob bermang

Zamonaviy dunyodagi deyarli har bir masala bizdan tezkorlik bilan javob berishni talab qiladi. Ammo, kimningdir iltimosi, taklifi yoki gʻoyasi sizga bildirilgan vaqtda unga shoshilmasdan javob bering. Eng yaxshisi, “Bu haqida keyinroq oʻylab koʻraman” yoki “Oʻylab koʻrib, javobimni aytaman” qabilidagi gaplar bilan vaziyatni yengillashtiring.

2. Har bir ishni oxirigacha yetkazing

Har kuni eng kamida bitta ishni oxiriga yetkazishni oʻzingizga odat qilib oling. Bu oddiygina roʻzgʻor ishlari — uyni tozalab chiqish, idishlarni yuvish yoki gilamlarni tozalash ham boʻlishi mumkin. Buning oqibatida asl muammo mashgʻulotning qiyin ekanligida emas, uni tinmay orqaga surishda boʻlganini anglab yetasiz.

3. Bir kunga boʻlsa ham ijtimoiy tarmoqlardan voz keching

Haftada bir kun boʻlsa ham ijtimoiy tarmoqlarga kirmang. Oʻsha kuni televizor tomosha qilmang, gadjetlardan imkon qadar foydalanmang. Shu kuni vaqtingizni siz uchun qadrli boʻlgan insonlar bilan muloqot qilish, sevimli mashgʻulotingiz bilan shugʻullanish, sayr qilish uchun sarflang.

4. Oldindan tayyorgarlik koʻring

Har bir ishga oldindan tayyorgarlik koʻrishga odatlaning. Misol uchun, ishxonangizga olib ketadigan narsalaringizni bir kun avval tayyorlab qoʻying, liboslaringizni ham avvalroq dazmollab qoʻying. Ana shunda tongni xotirjam holatda kutib olasiz, hech qayerga shoshilmaysiz va belgilangan joyga kechikib ham bormaysiz.

5. Xaridlarni rejalashtiring

Doʻkon peshtaxtasida turgan buyum sizga juda yoqib qolgan boʻlsa ham, uni sotib olishga shoshilmang. Uning sizga qanchalar kerak ekanligi haqida oʻylab olish uchun oʻzingizga vaqt bering. Agar ushbu buyum sizga haqiqatdan ham juda zarur boʻlsa, uni sotib olish uchun doʻkonga qaytib borasiz. Chegirmalarga ham eʼtibor qaratmaslikka harakat qiling.