Hind okeanidan yoʻqolib ketish arafasida turgan kitlar populyatsiyasi topildi

  • 14:09 / 13.06.2021
  • 340

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels universiteti olimlari Tinch okeanida yoʻqolib ketish arafasida turgan koʻk rangli mitti kitlar populyatsiyasi borligini aniqlashdi. Olimlar Tinch okeanidagi kamyob mitti kitlarni ularning qoʻshiqlari yordamida topishgan.

Mutaxassislar yadroviy sinovlarni har tomonlama taqiqlash toʻgʻrisidagi kelishuv tashkilotiga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni oʻrganib chiqishgan. Suv ostidagi yadroviy qurol sinovlarini kuzatuvchi tashkilot gidrofonlari kitlarning kuchli ovoz signallaridan iborat boʻlgan “qoʻshiqlar”ni qayd etgan.

Signallar chastotasi, tempi va tuzilishini oʻrganib chiqqan olimlar bunday tovush fanga maʼlum boʻlgan koʻk kitlar guruhining hech biri tomonidan hosil qilinmaganini aniqlaganlar. Agar kelgusidagi kuzatuvlar ham Tinch okeanida populyatsiya mavjud ekanligini tasdiqlasa, guruh okeanda yashovchi beshinchi populyatsiya sifatida qayd etiladi.

Mitti kitlar – koʻk kitlar oilasining eng kichik aʼzolari hisoblanadi. Ularning uzunligi 24 metrgacha yetishi mumkin, qoʻshiqlarini esa 500 kilometr uzoqlikdan turib eshitsa boʻladi.