Hindistonda kuchli dovul natijasida 8 kishi halok boʻldi

  • 07:41 / 18.05.2021
  • 90

Mamlakatning gʻarbiy qismiga yopirilib kirgan “Tauktaye” sikloni 8 kishining oʻlimiga sabab boʻldi. 150 mingta aholi vakili yashash joyidan evakuatsiya qilingan.

Dovul erta tongda kuchayib ketgan va “favqulodda kuchli toʻfon”ga aylangan. Mumbay aeroporti barcha reyslarni vaqtincha bekor qilgan.

Kuchli shamol oqibatida halok boʻlganlarning ikki nafari boshiga koʻcha fonusi, yana biriga bino ustidagi gʻishtlar tushib ketishi oqibatida hayotdan koʻz yumgan. Toʻrt nafar odamning vayronalar ostida qolib ketgani aytilmoqda.

Hindiston meteorologiya departamentining xabar berishicha, shamol tezligi soatiga 200 kilometrni tashkil qiladi.

“Dovul elektr taʼminotiga taʼsir koʻrsatadi, shu sababli COVID-19 bemorlari davolanayotgan kasalxonalarga zaxira taʼminoti haqida qaygʻurish tavsiya etilgan”, dedi Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani.