Hozirga qadar 100 dan ortiq radar va kameralar o‘rnatish joylari sotuvga chiqarilgan

  • 13:36 / 13.07.2021
  • 188

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21-apreldagi 232-son qarori asosida radar va kameralar o‘rnatish joylari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi "E-auksion" savdo maydonchasi orqali sotilishi belgilangan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirga qadar ushbu platformaga 100 dan ortiq radar va kameralar o‘rnatish joylari tadbirkorlarga sotish uchun chiqarilgan. 8-iyul kuni mazkur yo‘nalish bo‘yicha dastlabki savdolar o‘tkazilib, 2 ta obyekt auksionda tadbirkorlarga sotilgan.

Jumladan, Xorazm viloyati, Xiva shahridan boshlang‘ich narxi 1,5 mln so‘m bo‘lgan radar va kameralar o‘rnatish joyi auksion savdolari natijasida 40,3 mln so‘mga sotildi. Ushbu hududda 4 ta intellektual videokameralar hamda 1 ta statsionar radar o‘rnatilishiga ruxsat beriladi. 3 yarim soatdan ortiq vaqt davom etgan auksion savdosi 4 nafar ishtirokchi o‘rtasida qizg‘in kechdi.

Ma’lumot uchun, obyekt onlayn-auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorga mulk huquqi asosida cheklanmagan muddatga, boshqa tadbirkorlarga o‘tkazish huquqi bilan biriktiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridan jami 38 ta obyekt savdoga chiqarilgan bo‘lib, boshlang‘ich narxlar 2,4 million so‘mdan 36,75 million so‘mgacha etib belgilangani haqida xabar berilgandi.

Teglar