Hukumat qoshida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi

  • 17:56 / 06.05.2021
  • 138

Prezident raisligida bugun, 6-may kuni chet tillarni o‘qitish sifatini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektorda xorijiy tillarni o‘qituvchi pedagoglarning aksariyati malaka sertifikatlariga ega emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qayd etilishicha, maktablarda ishlayotgan jami 53 ming chet tili o‘qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to‘g‘risidagi sertifikatlarga ega.
Misol uchun, 18 ta tuman va shaharda, jumladan, Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To‘rtko‘l, Sherobod va Uzunda birorta o‘qituvchi sertifikat olmagan. Shuningdek, jami 11 ming nafar maktab chet tili o‘qituvchilarining 49 foizi testdan o‘ta olmagan. Bu Qashqadaryoda – 55 foiz, Jizzaxda – 53 foiz, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryoda – 52 foiz.

Shu bois, Prezident mamlakatda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati kelganini ta’kidladi. Buning uchun, birinchidan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etiladi.

Agentlik, eng avvalo, dunyoda samarali natija bergan o‘qitish metodikalari, dastur va darsliklarini bog‘cha, maktab, lisey, oliygoh va o‘quv markazlarida joriy etib, xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashadi.