ID-karta va xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishda qator qulayliklar yaratiladi

  • 16:40 / 14.09.2021
  • 182

Prezidentning joriy yil 10-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan ID-karta va xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish tartibiga qator o‘zgarishlar kiritilmoqda. 

Jumladan, Prezidentning 2020-yil 22-sentyabrdagi PF-6065-son Farmoniga 1, 2-ilovalar 201 va 211-bandlar bilan to‘ldirildi. Unga asosan, 16 yoshga to‘lgan fuqarolarga identifikatsiya ID-kartalari berilganda ular bir vaqtning o‘zida soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchi sifatida hamda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yiladi. 
Shuningdek, fuqaroning biografik ma’lumotlari o‘zgarishi munosabati bilan ID-karta almashtirilganda bu haqidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida DSQ va AT “Xalq banki”ga taqdim etib boriladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarosining, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish sxemalarining yangi tahriri tasdiqlandi.

Qolaversa, Farmon bilan O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 17-bandi xatboshi bilan to‘ldirildi. Unga muvofiq fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish yuzasidan ariza-anketani YaIDXP orqali elektron tarzda yuborishlari mumkin. Bunda, ariza-anketani elektron raqamli imzo yoki shaxsni identifikasiyalashning boshqa vositalari bilan tasdiqlash talab etilmaydi.