IIV Akademiyasida ta’lim endi ikki bosqichda – bakalavriat va magistratura asosida yo‘lga qo‘yiladi

  • 09:58 / 19.04.2021
  • 85

Prezidentning “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining faoliyati zamon talablari asosida tubdan takomillashtirilmoqda. 

Akademiyada:
–  ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi 
–  bakalavriat dasturi bo‘yicha o‘qitishning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari joriy etilmoqda. 

Ta’limning bakalavriat dasturida kadrlar tezkor-qidiruv, tergov, ekspert-kriminalistika, profilaktika, jazoni ijro etish yo‘nalishlarida chuqurlashtirilgan tarzda tayyorlanadi.

Akademiyada rahbar kadrlar “tashkiliy-taktik boshqaruv” va “tashkiliy-strategik boshqaruv” yo‘nalishlari bo‘yicha ikki darajali magistratura bosqichida tayyorlanadi. Muhim o‘zgarish, endilikda  magistraturada o‘qish istagida bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Akademiyaga murojaat qilishlari mumkin.

Qaror bilan, akademiyada ta’limning amaliyot bilan uzviyligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, magistraturada har oyda vazir o‘rinbosarlari va departament rahbarlari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari  o‘tkaziladi. 

Magistratura tinglovchilari hududiy ichki ishlar organlari rahbarining murabbiyligida amaliyot o‘taydi va boshqaruv bo‘yicha ta’lim olish uchun xorijga yuboriladi.