Ilk bor o‘zbekistonlik sportchi ayol XOQ aʼzosiga aylanishi mumkin

  • 11:49 / 22.07.2021
  • 72

O‘zbek sport afsonasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasining sportchilar komissiyasiga aʼzo bo‘lishga nomzod

Joriy yilning 20-21-iyul kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi

Qayd etilishicha, yig‘ilishning ilk kunida bir qator masalalar muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston sport tarixida ilk bor O‘zbekiston vakilasi, 1991-yildan buyon jahon va qitʼa chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida mamlakat sharafini himoya qilib kelayotgan o‘zbek sport afsonasi Oksana Chusovitina Xalqaro olimpiya qo‘mitasining sportchilar komissiyasiga aʼzo bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Taʼkidlanishicha, XOQning sportchilar komissiyasi 17 kishidan iborat. Shu kunlarda mazkur komissiya aʼzolarining 4 nafari o‘z vakolatini topshirgan. 

Bo‘shab qolgan o‘rinlar uchun dunyo miqyosidagi 30 nafar yetakchi atletlar nomzodi ilgari surilmoqda. Komissiya aʼzoligiga nomzod sportchilar, sobiq atletlar shu kunlarda Yaponiyaga taklif etilgan. Ovoz berish jarayoni esa shu yil 3-avgustgacha davom etadi.

Shuningdek, yig‘ilishda 6ta sport turi – lakross, chirliding, aysshtok, sambo, kikboksing va muay-tay Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan sport turlari sifatida ko‘rsatildi. Lekin bu ularning olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritilganini anglatmaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, biror sport turining olimpiya o‘yinlari tarkibiga kiritilishi uzoq davom etadigan jarayon hisoblanib, bugungi kunda dunyoda 10 dan ziyod sport turi XOQ tomonidan tan olingan bo‘lsa-da, olimpiya o‘yinlariga kiritilmagan.

Bundan tashqari, anjumanda olimpiya o‘yinlari shioriga biroz o‘zgartirish kiritilgani, olis 1894-yildan beri qo‘llanib kelingan “Citius, altius, fortius”, yaʼni “Tezroq, balandroq, kuchliroq”ning davomiga “Birgalikda” iborasi qo‘shilgani ham maʼlum qilindi.