Import qilishda bojxona boji va QQSdan ozod etiladigan asbob-uskunalar ro‘yxati tasdiqlandi

  • 14:16 / 07.06.2021
  • 243

Hukumatning joriy yil 4-iyundagi tegishli qarori bilan O‘zbekiston hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar ushbu ro‘yxatga maxsus (TIF TN) kodlari kiritilgan yangi texnologik uskunalarga qo‘llaniladi. 

Yangi texnologik uskunalar – “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida ishlab chiqarilganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan texnologik uskunalar hisoblanadi.

Ro‘yxatga 676 turdagi texnologik asbob-uskunalar, jumladan:

– sutga ishlov berish va uni ishlash uskunalari;
– non mahsulotlari, makaron, spagetti yoki shunga o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqarish uskunalari;
– qandolat sanoati, kakao kukuni yoki shokolad ishlab chiqarish uchun uskunalar;
– go‘sht yoki parrandani qayta ishlash uchun uskunalar;
– kalava bo‘yash mashinalari;
– avtomatik tikuv mashinalari;
– 50 kishidan ortiq, lekin 300 kishidan ko‘p bo‘lmagan yo‘lovchi o‘rindiqlariga ega bo‘lgan fuqaro yo‘lovchi samolyotlari kiritildi.