Inson tanasi haqidagi ishonish qiyin boʻlgan 5 fakt

  • 11:14 / 06.09.2021
  • 467

Inson organizmi – moʻjizaning oʻzginasi. Olimlar har yili organizm haqida yangidan yangi faktlarni kashf qiladilar. Ularning ayrimlariga ishonish juda qiyin, ammo barchasi haqiqat.

Ayollar yuragi erkaklarnikiga nisbatan tezroq uradi

Ayollarning yuragi erkaklarning yuragiga nisbatan tezroq urishi – isbotlangan fakt. Kuchli jins vakillarining yuragi bir daqiqa ichida oʻrtacha 70 marta, ayollarning yuragi esa bir daqiqada oʻrtacha 78-82 marta uradi. Ayollik gormonlari yurak hujayralariga bevosita taʼsir koʻrsatadi, natijada yurak urishi tezlashib ketadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, odatda ayollar taxikardiya va aritmiyadan erkaklarga nisbatan koʻproq aziyat chekishadi.

Odam oʻzini qitiqlay olmaydi

Agar biror inson sizni qitiqlashga harakat qilsa, beixtiyor kulishni boshlaysiz. Ammo, hech bir odam oʻzini oʻzi qitiqlab kula olmaydi. Chunki qitiqlash – hasharotlardan himoyalanish quroli hisoblanadi, tana tashqi taʼsirga nisbatan himoya mexanizmini ishga tushiradi. Oʻzingizni oʻzingiz qitiqlab koʻrgan vaqtingizda miya sizga aslida hech narsa xavf tugʻdirmayotganini anglab, aks taʼsir paydo qilmaydi.

Ter yoqimsiz hidga ega emas

Terning asosiy qismini oddiy suv tashkil qiladi, ammo uning tarkibida kislotalar ham bor. Teridagi bakteriyalar ana shu kislotalar bilan oʻzaro taʼsirga kirishgan vaqtda yoqimsiz hid hosil boʻladi.

Organizm bir kunda bir butilka soʻlak ishlab chiqaradi

Soʻlak ishlab chiqarish bezlari bir kunda 4-5 stakan soʻlak ishlab chiqaradi. Tunda ishlab chiqariladigan soʻlak miqdori nisbatan kamayadi, sababi uyqu vaqtida organizmdagi reflekslar, jumladan yutish refleksi ishlamaydi. Tongda ogʻizda quruqlik paydo boʻlishining sababi ham mana shu.

Suv taʼsirida barmoqlarda hosil boʻladigan “ajinlar” xavfsizligingizni taʼminlaydi

Kir yoki idish yuvganingizdan keyin qoʻllaringizda paydo boʻladigan chiziqlar organizm tomonidan atayin hosil qilinadi. Suv havzasiga tushib ketish holatida qoʻllardagi chiziqlar yuqoriga osonroq chiqib olish, atrofdagi buyumlarni mahkamroq ushlashga yordam beradi.