Internet orqali oʻrganib egallash mumkin boʻlgan 5 ta daromadli kasb

  • 14:33 / 12.10.2021
  • 325

Onlayn taʼlim olish yoʻnalishi oxirgi vaqtlarda shiddat bilan rivojlanmoqda. Bunga pandemiyaning taʼsiri juda katta boʻldi desak adashmaymiz. Bir muddat karantinda boʻlgan odamlar internet orqali oʻqish, oʻrganish va ishlash qanchalik qulay ekanligini kashf qilishdi. Koʻpchilik odamlar ishsiz qolib ketdi va oʻz kasblarini oʻzgartirish haqida oʻylay boshladilar. Internet orqali oʻrganib egallash mumkin boʻlgan zamonaviy va yuqori daromadli kasblar haqida bilishni istaysizmi?

1. Targetolog

Targetolog ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish bilan shugʻullanuvchi mutaxassis. U foydalanuvchilarning talablarini tahlil qiladi, reklama eʼlonlarini tayyorlaydi, maqsadli auditoriyani aniqlaydi, reklama kampaniyasining natijasini baholab beradi. Ushbu yoʻnalish tahliliy oʻylash qobiliyatiga ega, maqsadni aniq qoʻya biladigan, sabrli odamlarga toʻgʻri keladi. Eng muhimi, targetingni internet orqali ham oʻrgansa boʻladi.

2. Dasturchi

Kim qanday fikr bildirishidan qatʼiy nazar, dasturchilarga boʻlgan talab har doim mavjud. Ayrimlar tez orada mazkur yoʻnalishda odamlarning oʻrnini sunʼiy intellekt egallashi haqida aytishadi, ammo sunʼiy intellektni ham dasturlash kerakligi koʻpchilikning yodidan chiqadi. Dasturchilikni internet orqali oʻrganib, yuqori daromadli ishga ega boʻlish mumkin.

3. 3D-dizayner

3D-dizaynerining ishi buyumlar va binolarning uch oʻlchovli modellarini yaratishdan iborat. Bu odatda interyer loyihalarini tayyorlash, yangi mahsulotning tashqi koʻrinishini ishlab chiqishda kerak boʻladi. Ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega boʻlgan odamlar bu kasbni onlayn darslar orqali oʻzlashtirishlari mumkin.

4. SMM-mutaxassis

Ijtimoiy tarmoqlar bugun har doimgidan ham rivojlangan. Ular maishiy mahsulotlar va xizmatlar bozorining muhim yoʻnalishiga aylandi. Bu esa oʻz navbatida SMM-mutaxassislariga boʻlgan talabni keltirib chiqardi. SMM-mutaxassislari ijtimoiy akkauntlarni yuritish bilan shugʻullanishadi. Ular buyurtmachining akkauntini targʻib qilish, kontent-reja tuzish, postlar eʼlon qilish va shu kabi vazifalar bilan ishlaydilar. Mazkur yoʻnalishni ham onlayn darslar orqali oʻrgansa boʻladi.

5. SEO-mutaxassis

Sayt biznes egasiga mijozlar olib kelishi uchun uni shunchaki yaratib qoʻyishning oʻzi bilan ish bitmaydi. Buning uchun uni targʻib qilish ham kerak. Har bir qidiruv tizimining oʻz algoritmlari mavjud va ular vaqti-vaqti bilan oʻzgarib turadi. SEO-mutaxassis saytlarni foydalanuvchilarga qulay koʻrinishga keltiradi, uni targʻib qilish bilan shugʻullanadi. Ushbu yoʻnalish mutaxassislari ham oʻz bilimlarini onlayn darslar orqali va internet yordamida oshirishlari mumkin. Ularga boʻlgan talab esa kundan kunga oshib bormoqda.