Isroil Hamasga javob hujumini amalga oshirdi 

  • 17:30 / 16.06.2021
  • 340

16-iyun kuni Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi Falastinning Hamas guruhi harbiy obyektlariga hujum qildi, deya xabar beradi TASS Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmatiga tayanib.

Samolyot hujumi Hamas tomonidan yonuvchi sharlarning Isroil hududiga uchirilganiga javob tariqasida tashkil qilingan, deyiladi xabarda.

Isroil armiyasi vakillarining ta’kidlashicha ular terrorchilar foydalangan hududlarga havo zarbalarini berishgan. Harbiylar, shuningdek, Hamasni G‘azo sektoridagi har qanday voqealar va ularning harakatlarining oqibatlari uchun javobgar qilib, har qanday ssenariyga, shu jumladan harbiy harakatlarni qayta boshlashga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

Ma’lumot uchun, Falastin va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatning avj olishi may oyida Sharqiy Quddusdagi to‘qnashuvlar bilan boshlangan edi. Xabarlarga ko‘ra, bir necha kun davomida o‘zaro o‘q otish natijasida 10 nafar isroillik va G‘azo sektorining 220 nafar aholisi halok bo‘lgan. 21-may kuni Isroil va G‘azo sektori o‘rtasida sulh tuzilgan edi.