Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln qarz beradi

  • 11:46 / 14.06.2021
  • 133

$100 mln Qashqadaryo va Surxondaryodagi shaharlar infratuzilmasini yaxshilash uchun ajratildi.

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi shaharlarda “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida munisipal xizmatlari va infratuzilmani yaxshilash uchun Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan 100 mln AQSh dollari ajratish tasdiqlandi.

Bu pullar O‘zbekistonga juda past foizda va 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida berilmoqda.

Qayd etilishicha, loyihada suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi takomillashtirilib kengaytiriladi, elektr infratuzilmasi va ko‘chalar yoritilib, avtomobil yo‘llari, piyodalar va jamoat transporti zonalari modernizatsiya qilinadi. 

Shuningdek, jamoat joylari, bog‘lar, ko‘chalar va ularning tegishli infratuzilmasi rekonstruksiya qilinib, tegishli aholi punktlari hududida madaniy meros obyektlarini saqlab qolish bo‘yicha restavratsiya ishlari olib boriladi.

Ta’kidlanishicha, loyihada ishtirok etadigan shaharlarning yakuniy ro‘yxati viloyat va shahar hokimliklari bilan maslahatlashuvlar tugaganidan so‘ng 6 oy ichida tasdiqlanishi rejalashtirilgan.