Jahongir Otajonov siyosiy faoliyatdan voz kechdi va xalqdan uzr soʻradi

  • 12:29 / 11.07.2021
  • 443

Soʻnggi vaqtlarda siyosiy mavzulardagi chiqishlari bilan keng muhokamaga sabab boʻlayotgan xonanda Jahongir Otajonov ijtimoiy tarmoqda jonli efir uyushtirib, endilikda siyosat bilan shugʻullanmasligini maʼlum qildi. Efir vaqtida xonanda bilan birga uning onasi ham koʻrinish bergan va oʻgʻlining siyosatdan voz kechganidan xursand ekanligini yashirmagan.

“Siyosiy masalada jonli efir qilmaganimga 15 kun boʻlibdi. Har safar efir qilganimda onamning umri besh yilga qisqaryapti. Ota-onamning koʻz yoshlari men uchun qimmatga tushyapti. Hattoki ertaga prezident boʻlsam ham, bularga biror narsa boʻlib qolsa, menga tatimaydi. Shuning uchun butun jamoatchilikdan uzr soʻrayman. Hozircha siyosatdan chekinib turaman. Qismat boʻlsa, balki... Ammo, hozir davom ettiradigan boʻlsam, ota-onamning har kuni bir oʻlishini koʻrishdan charchadim. Butun jamoatchilikdan, vatandoshlardan, barcha siyosatchilar, partiyachilardan, partiyam aʼzolaridan uzr soʻrayman. Olti oydan beri onamni koʻndiraman deb har kuni kurashdim, lekin siyosiy faoliyatim oson emas ekan, bularning siqilishlari meni charchatdi. Mendan rozi boʻlinglar, sogʻ-salomat yuringlar”, dedi Otajonov.

Xonanda efir soʻngida eng avvalo ota-ona roziligini olish kerakligini taʼkidladi. U endilikda “oʻz ishini qilib”, bu yil volidasi uchun konsert berishini aytib oʻtgan.