Jasadlari olib kelinayotgan mehnat migrantlari yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bayonot berdi

  • 15:50 / 02.02.2020
  • 582

Jasadlari O‘zbekistonga olib kelinayotgan mehnat migrantlari yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining bayonoti e’lon qilindi.

Unda aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar orasida halok bo‘layotganlar sonining ko‘pligi, mehnat migrantlarini Vatanga qaytarish va baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun yetarli ishlar qilinmayotgani haqida fikr bildirilgan.

Har yili 600 mingdan ortiq ishchi kuchi paydo bo‘layapti – Agentlik

“Darhaqiqat, dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lgani kabi yurtimizda ham ishsizlik muammosi mavjud. Respublikamizdagi demografik o‘sish natijasida har yili 600 mingdan ortiq ishchi kuchi paydo bo‘layotgan sharoitda aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan amaliy tadbirlar ko‘rilayotganiga qaramay, tashqi mehnat migratsiyasining katta oqimi haligacha saqlanib qolmoqda.

Avvalo qayd etish joizki, inson hayotining yakuni yosh, joy va ma’lum vaqt tanlamaydi. Afsuski, bu holat chet mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ham chetlab o‘tmaydi. Hoh Vatanda bo‘lsin, hoh musofir yurtda bo‘lsin, biror insonning bevaqt vafot etishi aslida katta fojea”, deyiladi Agentlik bayonotida.

Migrantlarining jasadlarini davlat hisobidan olib kelish yo‘lga qo‘yildi 

Xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oxirgi yillarda e’tibor kuchaytirilmoqda, xususan, 2018-yildan buyon xorijda vafot etgan mehnat migrantlarining jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida mayib bo‘lgan yoki og‘ir jarohat olgan fuqarolarni davlat hisobidan olib kelish yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni respublika tashqarisida ish joylariga xavfsiz tarzda yetib borishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qator natijalarga erishilmoqda.

Migrantlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi

Shuningdek, agentlik xorijda ishlovchi fuqarolarning huquq va manfaatlari qay tarzda himoyaga olingani va bu boradagi ishlar haqida ham aytib o‘tadi:
“Birinchidan, 2018-yilda Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi.

Ikkinchidan, fuqarolarimiz huquqini xorijda himoya qilish maqsadida O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari shatat jadvallariga mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi kiritilmoqda, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalari tashkil etilmoqda.

Uchinchidan, mehnat migrantlari uchun imtiyozli mikroqarz berish, hayot va sog‘liqni hamda patent va xorijda ishlash uchun ruxsat beruvchi boshqa hujjatlarning rad etilishi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta polisi to‘lovi bilan bog‘liq xarajatlarni subsidiyalash imkoniyatlari yaratilgan”.

Shuningdek, Agentlik yuqoridagi kabi o‘zgarishlar va davomiy islohotlar sohadagi muammolarni bartaraf etishga, aholi bandligini ta’minlashga va fuqarolarning xorijda xavfsiz, tartibli va manzilli ish bilan ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydi.