Jizzax hamda Navoiyda kuzatilgan kuchli shamol jiddiy talafotlarga sabab bo‘ldi

  • 18:18 / 02.06.2021
  • 195

Kecha, 1-iyun kuni respublikaning Jizzax hamda Navoiy viloyatlarida 18-23 m/s tezlikda kuchli shamol esdi.

FVV xabariga ko‘ra, kuchli shamol ayrim aholi yashash xonadonlari va transport vositalariga zarar yetkazgan.
Jumladan, Jizzax shahridagi ko‘p qavatli uyning tom qismi qulab tushgan. Hodisa oqibatida, uy oldida bo‘lgan Lacetti va Cobalt avtomobillariga jiddiy zarar yetgan. 

Qolaversa, Navoiy viloyatining uchta hududida ko‘p qavatli aholi yashash xonadonlari tomlariga ham zarar yetgan.  

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida 2 ta maxsus texnika va 16 nafar qutqaruvchi jalb etilgan. Ayni vaqtda voqea joyida zaruriy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jabrlanganlar yo‘q.

Bundan tashqari bugun ham ijtimoiy tarmoqlarda "Samarqand - Qarshi" avtomobil yo‘lida qum bo‘roni bo‘layotgani aks etgan videolavhalar tarqaldi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 26-may kuni Andijon viloyatida ham qum bo‘roni kuzatilgan edi. 
Gidrometrologik xodimlarining aytishicha, ushbu holat bulut osti shamol xususiyatli bo‘lib, uning davomiyligi uzoq vaqt bo'lmasligi va juda kuchli kuzatilmaydi.