Jizzaxda 4 oy ichida ikki nafar homilador ayol shifokorlar e’tiborsizligi sabab vafot etgan

  • 17:42 / 06.05.2021
  • 107

Jizzax viloyati prokuraturasi viloyat hududida 2021-yilning 4 oyi davomida 2 nafar ona o‘limi sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, Baxmal tumanida yashovchi homilador E.Z. hamda Z.I lar 2020-yilda dispanser nazoratiga olingan bo‘lsada, hududga mas’ul patronaj hamshirasi va umumiy amaliyot shifokori tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaganligi, ularda aniqlangan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilmaganligi oqibatida ular 2021-yil aprel oyida Jizzax viloyat perinatal markazida vafot etgan.  

Viloyat prokuraturasi tomonidan mutaxassislarni jalb qilgan holda Baxmal tumanida homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat ahvoli o‘rganilganda, tumanda 2020-yilda 725 nafar homilador ayol kech hisobga olinganligi, 85 nafari umuman skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilmaganligi aniqlangan. 

Shuningdek, birlamchi skrining tekshiruvidan o‘tib havf guruhi aniqlangan homiladorlardan irsiy kasalliklarni aniqlash (PAPP) uchun 2020-yil 6 oyi davomida qon na’munalari umuman olinmagan.

Tekshirish yakuni bilan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi. 

Yuqorida qayd qilingan 2 nafar ona o‘limi holati yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.  

Ma’lumot uchun, Baxmal tumanida go‘daklar o‘limi 2021-yil 4 oyi davomida 7 tani tashkil etgan.