Jizzaxda Renault Avtovaz avtomobil zavodi quriladi

  • 15:45 / 05.04.2021
  • 97

Joriy yilda Jizzax viloyati hududida Renault Avtovaz avtomobil zavodining qurilishi va ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu haqda Jizzax viloyati hokim o‘rinbosari Azim Ahmadxojayevning 2021-yil 31-mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Fransiyaning O‘zbekistondagi Ishonchli Muvaqqat vakili Bris Rokfey hamda fransuz biznes-hamkorlari bilan uchrashuvida ma’lum qilingan. 

Shuningdek, uchrashuvda Fransiya tomoni ishtirok etayotgan float-oyna va FIVES STEIN avtomobillar uchun oyna ishlab chiqarish zavodi hamda mahalliy ishlab chiqarilayotgan BOPP plyonkalarini sotish (ayni paytda oziq-ovqat uchun plyonka mamlakatga import qilinmoqda) kabi Jizzax viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investisiya loyihalari ham muhokama qilinib, dastlabki bitimlar imzolandi. 

Muzokaralar jarayonida mazkur loyihalarni amalga oshirishning aniq muddatlari belgilab olindi.