Jizzaxda YPX xodimlari namoyish qilgan antiqa “alkotester” bo‘yicha munosabat bildirildi

  • 13:28 / 13.09.2021
  • 239


Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 10-sentyabr kuni Jizzax shahri hududida tungi xizmatga jalb etilgan YPX inspektorlari tomonidan mast holda transport vositasi boshqarayotgan haydovchilarni aniqlash borasida reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan holat aks etgan videotasvir tarqaldi.

Unda Jizzax shahar Kimyogar mahallasi Sayilgoh ko‘chasida 5 nafar YPX xodimlari tomonidan “Kobalt” rusumli transport vositasi to‘xtatilgani va haydovchining spirtli ichimlik iste’mol qilgan yoki qilmaganligini aniqlash maqsadida YPX inspektori safdor A.Shodmonqulov tomonidan bir marotaba ishlatiladigan qog‘ozdan tayyorlangan stakan ko‘rsatilgani aks etgan.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan YPX xodimlarida “Alkotester” vositalaridan foydalanilmayotganligi ko‘plab e’tirozlarga va munozaralarga sabab bo‘ldi.

IIV YHXBB matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan xodimlar tomonidan alkotester vositasidan foydalanmaganligi uchun barcha xodimlarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Jizzax viloyati IIB YHXB 7 dona “Meta” rusumli va 6 dona “Alko Stop 8000S” rusumli alkotester vositalari bilan ta’minlangan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB YHXB ma’sul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.