Jurnalist va blogerlarni haqorat qilgan farg‘onalik tibbiyot xodimi ishdan bo‘shatildi

  • 15:16 / 13.09.2021
  • 139

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Rishton tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i U. Mamadaliyevning jurnalist va blogerlarni haqorat qilib, ularga bosim o‘tkazgani haqida audioxabar tarqaldi.

Bugun, 13-sentyabr kuni mazkur holat yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda boshqarma boshlig‘i Husan Mamajonov holat yuzasidan axborot berdi.

–  Rishton tumanining sobiq tibbiyot birlashmasi boshlig‘i telefon orqali suhbatida nomaqbul bo‘lgan, tizim rahbariga yarashmaydigan so‘zlarni aytgan. Bu tibbiyot xodimlarini, barchamizni noqulay holatga soldi. Buni tushunib yetgan birlashma boshlig‘i o‘sha kunning o‘zida “haqiqatdan ham xato ish qilib qo‘yganman, tan olaman, yoshlik qildim. Rahbar sifatida bu gaplarni aytmasligim kerak edi” degan fikrlarini bildirib, o‘z hohishi bilan ariza yozdi. Arizasi qanoatlantirilib, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Blogerimiz uning harakatlaridan norozi bo‘lsa, belgilangan tartibda sud orqali hal qilsa maqsadga muvofiqdir, – dedi Mamajonov.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan munosabatda audioxabarda keltirilgan ma’lumotlar yuzasidan atroflicha o‘rganish ishlari olib borilishi va ushbu holat nima sababdan yuz berganini aniqlashtirib, shunga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanishi aytilgandi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi jurnalistlar va blogerlarning professional faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan har qanday holatlarni keskin qoralaydi”, – deyilgan vazirlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot birlashmasi rahbarining audiosi tarqalib, unda rahbarning faoliyatini tanqid qilgan mahalliy blogerlarni haqoratlagan. Shuningdek, ulardan birini “enasini ko‘rsatib, oyog‘ini yalatgani”ni aytadi.