Kam kaloriyali mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar bizni qanday aldashadi?

  • 11:21 / 10.06.2021
  • 106

Agar siz ham mahsulotning qadogʻida koʻrsatilgan har qanday maʼlumotga ishonsangiz, kutilmagan “syurpriz”ni qarshi oling. Ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarni kam kaloriyali va organizm uchun foydali deb koʻrsatish usullarini yaxshi bilishadi.

Ayrim mahsulotlarning kaloriyasi 100 gr emas, bitta porsiya uchun koʻrsatilgan boʻladi. Mahsulotning umumiy kaloriyasi hisoblab chiqilganida esa haddan tashqari koʻpayib ketadi. Misol uchun, shokoladning ustki qismida bir porsiya kaloriyasi yozilgan boʻlsa, umumiy kaloriya 3-4 marta kattaroq koʻrsatkichni tashkil qiladi.

Keng tarqalgan ikkinchi hiyla – tarkibiy mahsulotlarning nomi hisoblanadi. Misol uchun, mahsulot tarkibida juda koʻp shakar mavjud boʻlsa, tarkibiy mahsulotlar roʻyxatiga shakar, fruktoza va lavlagi sharbati deb yoziladi. Aslida esa ularning barchasi shakardan iborat boʻladi. Agar sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri taomlanish qoidalariga amal qilmoqchi boʻlsangiz, xarid qilayotgan mahsulotlaringizning tarkibini sinchiklab koʻrib chiqing. Bilingki, ularning soni qanchalik kam boʻlsa, shunchalik yaxshi boʻladi.